(Русский) O’zbekiston tarixiy obidalari

Uzr, bu matn faqat Ruscha da mavjud For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.

Buxoro. Ismoil Somoniy maqbarasi
Maqbara IX-X asrlarga oid. Bu yerga dafn qilingan Ismoil Somoniy Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. U 848 yil Buxoro shahrida tug’ilgan. 874 yilda Buxoro hokimiga noib, 888 yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo’lgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to’plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo’shgan. Bag’dod xalifalaridan ibrat olib, o’ziga ulkan maqbara qurdirgan.

Surxondaryo. Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi
X-XIV asrlar. Bu me’moriy obida Eski Termiz qal’asining shimoliy-g’arbida barpo etilgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy qator diniy-falsafiy asarlar muallifi, din arbobi, yirik mutasavvif va mashhur olimdir. Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biri bo’lib, alloma shu yerda faoliyat yuritgan: muridlari, shogirdlari va boshqa darvishlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Shu xonaqohda dafn etilgan. Qabr ustiga Amir Temur o’g’li Shohruh Mirzo zamonida katta qabrtosh o’rnatilgan. Qabrtosh Temuriylar davridagi toshtaroshlik, o’ymakorlik va bezakchilik san’atidan dalolatdir. Hakim at-Termiziy 880 yil Termizda vafot etgan. Hayoti davomida to’rt yuzdan ortiq asar yozgan. Shulardan o’ndan ziyodrog’i bizning zamonamizgacha yetib kelgan. Hadis ilmiga bag’ishlangan “Jome’ al-usul” nomli qo’lyozma asari O’zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.

Sundar Pichai haqida

Surxondaryo. Sulton Saodat majmuasi
XI asr. Sulton Saodat sayyidlar sulolasining maqbarasidir. Bu me’moriy majmua oilaviy maqbaralar va marosim xonalaridan iborat bo’lib, asrlar davomida tashkil topgan yaxlit inshootdir. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. U shu atrofdagi yerlarning egasi, Payg’ambarimiz avlodlaridan hisoblanadi. Sulton Saodat mo’g’ullar istilosi paytida vayron qilingan edi. Termizning sharqiy tomoniga joylashgan bu ziyoratgoh yangidan bunyod etilgan. Qariyb yetti asr (X – XVII) davomida shakllangan bu me’moriy majmua jami yigirmaga yaqin qabrni o’z ichiga oladi.

Surxondaryo. Abu Iso at-Termiziy maqbarasi
Hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan ushbu maqbara XI- XII asrlar me’moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. At-Termiziy hijriy 209 yilda (mil. 824-825 y.) tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy “Miyzon al-e’tidol “kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganini zikr qilib, “Vafot etgan vaqtlarida 70 yoshda edilar”, deydi. Ismu nasablari – Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug’iy at-Termiziy. Alloma to’plagan hadislar ishonchliligi va mo”tabarligi jihatidan “Sihohi sitta” (oltita eng sahih hadislar to’plami)ning biri sanaladi. Yoshliklarida ko’p yillar davomida Iroq, Hijoz kabi arab o’lkalarida hadis o’rganib, ularni jamlagan. 250 hijriy yilda Termizga qaytganlar. Shu yili Nishopurda Imom al-Buxoriy bilan uchrashib ko’p hadislar xususida mubohasalar olib borganlar. Bu buyuk vatandoshimizdan “Al-Jome’ as-Sahih” (“Sunani Termiziy”), “Ash-Shamoil” (“Shamoili Muhammadiya”), “Al-Hol”, “At-Tarix”, “Az-Zuhd”, “Al-Asmou val-kunya” (“Ismlar va kunyalar”) kabi asarlar bizgacha yetib kelgan.

Navoiy. Mirsaid Bahrom maqbarasi
Maqbara XI asrda hozirgi Karmana shahri hududida bino etilgan. Uning sohibi mashhur savdogar, islomiy ilmlar bilimdoni Mirsaid Bahrom bo’lib, Karmanadan o’tgan Buyuk ipak yo’li orqali Afg’on, Eron, Arab davlatlariga borib, savdo-sotiq bilan shug’ullangan. Orttirgan mol-dunyosidan ko’plab xayr-ehsonlar qilib, katta obro’-e’tiborga sazovor bo’lgan. U fiqh, tarix ilmlarini puxta bilgan. Umrining oxirlarida tasavvuf yo’liga o’tib, sohibi karomat darajasiga yetgan.

Samarqand. Shohizinda maqbaralar majmuasi
XI – XIX asrlar. Samarqandning Afrosiyob tepaligi janubida barpo qilingan bu majmuaga yigirmadan ziyod maqbara, masjid, xonaqoh va chillaxonalar kiradi. Ularning ichida eng qadimiysi – Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchalari Qusam ibn Abbosning maqbarasi. Inshootlarning aksari XIV – XV asrlarga mansub. Majmua tarkibida sohibqiron Amir Temurning singlisi Shirinbeka oqa, opasi Turkan oqa va xotini Tuman oqalarning maqbaralari ham mavjud.

Surxondaryo. Jarqo’rg’on minorasi
XII asr boshi. Hozirgi Jarqo’rg’on tumanining Alisher Navoiy nomidagi jamoa xo’jaligida joylashgan. O’rta Osiyoning shu turdagi minoralari orasida o’zining jimjimador o’n olti tutamlik yarim ustuni bilan ajralib turadi. Bu ustunlar qavariq, (qovurg’a) shaklida bo’lib, yuzasi yotiq kesimda ko’p yaproqli gulga o’xshaydi. Quyiga tusha borgan sari qavariqlar go’yo yig’ilib ketganday tuyuladi. Yuqori qismida esa ular ravoqchalar zanjiri va enli epigrafik hoshiya bilan jipslashgan. Minora asosi baland sakkiz qirrali kursiga o’rnatilgan. Har bir qirraning markazida xushbichim ravoqli tahmonlar bor. Ana shu tahmonlardan bittasi janubiy-g’arbiy qirrada minora ichki aylana zinasiga olib chiqadi.

XVII asrda bitkoinlar

Buxoro. Minorai Kalon
XII asr. 1127 yil Qoraxoniylar davlati amiri Arslonxon tomonidan qurilgan bo’lib, pishiq g’ishtdan naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g’isht o’ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O’qsimon tirgak o’rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi Baqo bitilgan. Minora ichida g’ishtin aylanma zinapoya bo’lib, mezanaga olib chiqadi. Minora azon chaqirish uchun masjid va madrasalar yonida yoki ularga tutash qilib qurilgan. Minorai Kalon mezanasining qubbasi va devorlari muazzin ovozini yanada kuchaytirib berishga xizmat qilgan.

Buxoro. Mag’oki Attori masjidi
XII – XVI asr. Bu masjid XII asrda otashparast-majusiylar ibodatxonasi o’rnida bino qilingan. Ibodatxona atrofga nisbatan bir muncha pastroqqa joylashgan. Forscha “Mag’oki” (chuqurlik) nomi ham shundan olingan. Vaqt o’tishi bilan masjid ko’milib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga ko’ra, 1547 yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, o’rniga yangi masjid qurdirmoqchi bo’ladi. Ammo naqshbandiya tariqatining o’sha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Maxdumi A’zam bunga yo’l qo’ymaydi. Ushbu masjid minbarida Abduxoliq G’ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi pirlar xutba o’qiganlari ham ta’kidlangan. Murshidning so’zlariga itoat qilgan Abdulazizxon masjidning g’arbiy tomoniga chambarchas qilib yangi masjid qurdirgan.

Buxoro. Vobkent minorasi
XII asr oxiri. Minora 1197-1198 yillarda bino qilingan. Buxoro sadri Burxoniddin Abdulaziz II ning nomi bitilganidan minorani u qurdirganligi bilinadi. Minoraning tepa qismiga devoniy xatida “Minora 595 hijriy yilda qurib bitkazildi”, deb yozilgan. “Kimki masjid qursa, o’ziga jannatdan makon qurgan bo’ladi “, degan hadis ham bitilgan. O’sha davrda minoraga yondosh bir masjid va bir Madrasai sadriya mavjud bo’lib, u Movarounnahrdagi eng yirik bilim maskani bo’lgan. Minoraning balandligi 38,7 metrdir.

Buxoro. Namozgoh masjidi
XII, XIV, XVI asrlar. Bu masjid Buxoroning janubida 1119 yili qurilgan bo’lib, ikkita ulug’ hayit kunlari shahar tashqarisiga chiqib, ulkan izdihom bilan namoz o’qishga mo’ljallangan. XV asrda Amir Temur buyrug’i bilan butun mehrob atrofidagi devor va bitiklar ta’mirlangan. XVI asrda Abdullaxon ibn Iskandar (1551-1598 y.) tarafidan ham jiddiy ta’mir ishlari amalga oshirilgan. Masjidning minbaridan zamonning mashhur ulamolari xutbalar o’qishgan. Naqshbandiya tariqatining peshvolari Xoja Muhammad Porso, Maxdumi A’zam, Xoja Islom Jo’yboriy kabi allomalar mav’iza qilishgani tarixdan ma’lum. Namozgoh masjidi o’z davrida ko’pgina mojarolarda sulh tuzish maydoni vazifasini ham bajargan.

Samarqand. Xoja Abdu Darun maqbarasi
XII asr, XV asrning birinchi yarmi. Samarqand qal’a devorining sharqiy tomonida (darun – ichkari) joylashgan qadimgi ziyoratgoh. Markazida eng yirik bino – xonaqoh (XV asr) ko’zga tashlanadi. Uning peshtoqi, gumbazi va devorining bezaklari Ulug’bek davri me’morligi mahsuli ekanidan darak beradi. Xonaqohning ichida IX asrda yashagan avliyo, alloma Abdu Ma’ziddinning qabri bor. Xoja Abdu Darun padari buzrukvorlarining nomi Xoja Abduqodir as-Said (Xoja Abdu Berun) bo’lib, Samarqandda hokimlik qilgan. Xoja Abdu Darunni Xojai Kunj, deb ham ataganlar. Xoja 247 hijriy yilning zulqa’da oyida (mil.861 yil may oyi) vafot etgan.

Baliqlar orqaga suzadimi?

Toshkent. Shayx Zayniddin buva maqbarasi
XIII, XIX asrning birinchi yarmi. Shayx Zayniddin me’moriy maqbarasi mil. 1214 yilda tug’ilgan Shayx Zayniddin Ko’yi Orifon nomiga qurilgan. Otalari asli bag’dodlik, so’fiylarning yo’lboshchisi, “shayxlarshng shayxi” va tariqat asoschisi hisoblangan. Bu maqbara Amir Temur davrida bino qilingan.

Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Oqsaroy
XIVasr. 1378-1379 yillarda Amir Temur Xorazmdagi barcha usta va hunarmandlarni Keshga keltirib, shaharda ulkan obodonlashtirshi ishlarini olib borgan va o’z davri uchun tengi bo’lmagan Oqsaroyni qurdirgan. Oqsaroy poydevoriga qo’yilgan dastlabki g’ishtlar oltin qumdan tayyorlangan. Saroy bezaklari orasiga Alloh taologa hamdu sanolar va Amir Temurga maqtov so’zlari bitilgan.

Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Hazrati Imom maqbarasi
XIV asr. 1384 yilda Amir Temur avliyo Muhammad Shayboniyning xokini keltirib Dorussiyodatga, o’g’li Jahongir qabri oldiga dafn ettirgan. Amir Temur ko’rsatmasi bilan xorazmlik ustalar baland bino barpo etganlar. Muhammad Shayboniy musulmon olamida “Hazrati Imomi Bag’dodiy “nomi bilan mashhur bo’lgan. Majmuaga Amir Temur o’zi uchun katta xilxona qurdirgan. Majmuaning ulkan ark va devorlari, o’n olti qirrali asosga qurilgan gumbazlari qimmatbaho tosh va shishalardan ishlangan naqshinkor bezaklar bilan bezatilgan.

Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Gumbazi Sayyidon maqbarasi
XV asr. 1437-1438 yillarda bunyod etilgan Gumbazi Sayyidon maqbarasi o’ziga xos maqbaralar majmuasini tashkil etadi. Gumbazlariga naqshinkor bezaklar tushirilgan. Undagi yozuvlarga asoslanib Mirzo Ulug’bek avlodlariga oid, degan taxminlar qilinadi. XV – XVII asrlarda maqbara ichiga Termiz sayyidlari ismlari ko’rsatilgan bir necha qabrtoshlar olib kirilgan. Bu keyinchalik maqbaraning Gumbazi Sayyidon, deb atalishiga olib kelgan. Binoning asosi katta bir xonaqoh, gumbaz hamda unga ulanib ketgan mayda xonalardan iborat.

Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi
XIVasr. Shayx Shamsiddin Kulol (yoki Kulol Faxuriy) Amir Temur va uning otasi Amir Tarag’ayning ustozi, o’z davrida ulkan hurmat va e’tiborga ega bo’lgan ulamolardan. Mil. 1370 yilda Shayx dafn etilgan joyga Amir Temur maqbara qurdirgan. 1373 yilda olamdan o’tgan Amir Tarag’ay ham o’zining vasiyatiga binoan ustozi Shamsiddin Kulol qabrining oyoq tomoniga dafn etildi. Maqbara to’g’ri to’rtburchak shaklda qurilgan bo’lib, kirish qismiga ulkan gumbaz ishlangan, dastlabki qo’yilgan ikkita katta ustun va asosiy poydevor bugungi kungacha saqlangan, devor va gumbazlar Amir Temur davriga xos o’ymakor g’ishtdan bezak va jilva bilan bezatilgan.

Xiva. Juma masjidi
XVIII, XIX asrlar. X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohi Al-Maqdisiyning yozishicha, Juma masjidi X – XI asrlarda bunyod etilgan. Masjidning dastlabki binosi asrlar davomida nurab yo’q bo’lib ketgan va o’rniga 1788 yilda xuddi avvalgi uslubda yangi masjid qurishgan. Ichan qal’aning qoq markazida qad rostlagan bu tarixiy obidaning o’ziga xos tomoni shundaki, uni o’yma naqshi ustunlar ko’rgazmasi, desa bo’ladi. Chunki bu yerda jami 212 ta ustun bo’lgan. Hozirda ulardan 25 tasi saqlanib qolgan. Juma masjidi necha zamonlar kishilarga ilm-ma’rifat tarqatish o’chogi vazifasini o’tagan.

Xiva. Shayx Muxtor Valiy maqbarasi
XIII asr oxiri – XIV asr. Hozirgi Xorazm viloyatining Yangiariq tumanidagi Shayx Muxtor Valiy maqbarasi XIV asrda qurilgan tarixiy yodgorlik bo’lib, ilmiy qazilmalar natijalaridan hamda me’moriy shakllarining tahlilidan 1287 yilda Shayx Muxtor Valiy vafotidan keyin bir yoki ikki gumbazli daxma qurilgani, keyinchalik hujrali xonaqoh bunyod etilgani ma’lum bo’ldi. Shayxning yaqin kishilari uchun ham maqbaralar qurilgan. Katta xonaqohning burchaklaridan hujralarga kiriladi. Gumbaz ostidagi bu chor qirra sahnni to’rt darcha yoritib turadi. Kichik xonaqohning ham burchaklarida hujralar bo’lib, ularning biri ziyoratxonadir. Maqbara har xil hajmli g’ishtlardan qurilgan. Yog’och o’ymakorligi bilan nafis bezatilgan to’rt eshik saqlangan. Bularning birida uni ishlagan ustasining nomi – “Usto Zayniddin ibn Odina Muhammad “, deb yozib qo’yilgan.

Qoraqalpog’ston. Ellikqal’a tumani. Norinjonbobo maqbarasi
XIV asrga mansub me’moriy majmua. Norinjonboboning tug’ilgan yili ma’lum emas. O’zi XIII- XIV asrlar orasida yashab o’tgan. Hijriy 712 (mil. 1312) yili vafot etgan. Shaxsi haqida aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Qabri ustiga o’rnatilgan toshga “Bu oqil, obid, Alloh yo’lida doimiy ro’zador, Alloh karomatini yerda paydo etuvchi mashhur Muhammad ibn Muso ibn Dovud Abu Abdulloh an-Norinjoniyning qabridur. Allohning unga va uning do’stlariga rahmati bo’lsin. 712 yil “, deb yozilgan. Bu bitiklar Norinjonboboning sohibi karomat, aziz avliyolardan ekaniga shohidlik beradi.

Qashqadaryo viloyati. Xo’ja Jarroh yodgorlik majmuasi
Majmua XIV asrga oid bo’lib, hozirgi Qarshi shahrining Xudoyzod mahallasida joylashgan. Rivoyatlarga ko’ra, Sohibqiron Amir Temur XIV asr oxirlarida Shom va Iordaniya yerlarini zabt etgan paytda ulug’ sahobalardan biri Abu Ubayda Omir ibn Abdumoh ibn al-Jarroh qabri xokidan keltirib, Qarshi shahrida dafn ettirgan va u yerga maqbara qurdirgan. Al-Jarroh birinchi bo’lib “amirlarning amiri “, degan laqab olgan.

Toshkent. Shayx Xovandi Taxur maqbarasi
XIV – XV asrlar. Shayx Xovandi Taxur ilohiyot va tariqat ilmining yirik namoyandasi. Tasavvufga oid bir qancha asarlar muallifi va shoir. Yassaviya tariqatining izdoshi. Bu maqbara Toshkent shahrida Xoja Ahror Valiy tomonidan XV asr boshlarida bunyod etilgan. Qabr oldiga o’g’illari va ayollari dafn etilgan. Hozirgi mavjud yodgorlik XV asrda bunyod etilgan ko’hna maqbara poydevori ustiga XVIII – XIX asrlarda qurilgan ikki xonali bo’yama maqbaradan iborat.

Toshkent viloyati. Zangi ota yodgorlik majmuasi
XIV asr oxiri – XV asr boshi. Tug’ilgan yillari noma’lum. O’rta osiyolik avliyo yoki “podachilar piri “. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Zangi ota Toshkent shahrida tug’ilgan va yashagan. Zangi otaning asli ismlari Oyxo’ja ibn Toshxo’ja bo’lgan. Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbob Eshonning avlodi (evarasi) hisoblanadi. O’ta qora tanli bo’lganligi uchun zangi (zanji), deyishgan. Tasavvuf ilmining targ’ibotchisi, Zangi ota turk-Islom olamidagi ulug mutafakkir va mutasavvif donishmandlardan biri bo’lib, uning nomi faqat Movarounnahrda emas, balki Xuroson xalqlari orasida ham ma’lum va mashhurdir.

Buxoro. Chashmai Ayyub maqbarasi
XIV – XVI asrlar. Chashmai Ayyub maqbarasi qadimiy va mashhur mozor o’rnida Ayyub payg’ambarning ramziy qabri ustiga bunyod etilgan. Buxoroning o’ziga xos obidalaridan biri. Taxmin qilinishicha, qadimiy qismining tarixi XII asrga borib taqaladi. Maqbara xilxonalari devorlariga o’yilgan yozuvlarga ko’ra, Amir Temur davrida (mil. 1378-1379 y.) saltanatning Buxorodagi vakili Amir Xujjoj tomonidan qurdirilgan. Rivoyat qilinishicha, Ayyub alayhissalom bu suvsiz joydan o’taturib hassasi bilan yerga urgan va chashma hosil bo’lgan.

Buxoro. Bo’yonqulixon maqbarasi
XIV asrning ikkinchi yarmi. Bo’yonqulixon Surg’atu o’g’li Chig’atoy o’g’li (1346-1358 y.). Chig’atoylarning davlat ishlarini aslida uning nomidan amir Qazag’on boshqargan. Bo’yonqulixon Chig’atoy xonlaridan birinchilar qatorida Islomni qabul qilgan xondir. Bo’yonqulixon maqbarasi XIV asr o’rtasida Buxorodagi Shayxul olam Sayfiddin Boharziy qabri yaqinida qurilgan. Maqbara binosi mayda naqsh va sirkor koshinlar bilan bezalgan ziyoratxona va kichik xilxonadan iborat.

Samarqand. Bibixonim masjidi
XIV – XV asrlar. Amir Temur 1399-1404 yillari qurdirgan. Zilzilalar ta’sirida masjidning ko’p qismi yemirilib, faqat shimoliy-g’arbiy minoraning pastki qismi saqlanib qolgan. Amir Temurning katta xotini Bibixonim Chig’atoy ulusi xoni – Qozonxonning qizidir. U barcha malikalardan ulug’ hisoblanib, “Katta xonim” yoki “Bibixonim”, degan unvonga loyiq bo’lgan. Bibixonim zamonasining yuksak idrokli, tadbirli, maslahatgo’y, yetuk aql-zakovatli ayollaridan edi. Ilm-ma’rifatga alohida e’tibor berib, tolibi ilmlarga homiylik qilgan, shaxsiy mablag’i hisobidan ulkan madrasa qurdirgan.

Samarqand. Go’ri Amir maqbarasi
XV asr. Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning fojiali o’limidan so’ng 1403 yili ushbu maqbarani qurishga farmon bergan. Temuriylar sulolasiga mansub kishilar – avvalo Sohibqironning o’zi, uning piri Said Baraka, o’g’illari Umarshayx, Mironshoh va Shohruh, nabiralari Muhammad Sulton, Ulug’bek va boshqalar dafn etilganlar. Maqbara 1991-1996 yillari katta ta’mir qilindi.

Buxoro. Ulug’bek madrasasi
XV asr. Amir Temurning nevarasi, Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug’bek tomonidan 1417 yili qurib bitkazilgan. Uning peshtoqida Amir Temur davrida Erondan keltirilgan ustaning avlodi Ismoil ibn Tohir ibn Isfahoniy al-Bannoiyning nomi saqlanib qolgan. Madrasa Abdullaxon II davrida Xo’ja Sa’d Jo’yboriy tomonidan (1586 yilda) butunlay qayta tiklangan. U o’rta asrlarda yirik madaniyat va ma’rifat maskani vazifasini o’tagan.

Samarqand. Xoja Ahror Valiy (1404-1490) majmuasi
XV asrga mansub me’moriy yodgorliklardan biri. U madrasa, masjid va minora hamda hovuzdan iborat. Madrasa 1630-1631 yillarda Nodir Devonbegi mablag’i hisobiga qurilgan. Xoja Ahror Valiy o’z zamonlarida butun Movarounnahr va Xurosonda mashhur shaxs bo’lgan. Juda katta yer-suv, mol-mulkka ega bo’lib, butun umri, kuch-g’ayrati va bor mol-mulkini yurt tinchligi, obodligi yo’lida sarflagan. Natijada mamlakatning ichki va tashqi siyosiy hayotida yetakchi o’rin tutgan. Xoja Ahror Valiyni oddiy fuqaro ham, akobir ham o’zlariga birday pushtipanoh deb bilar edi. Xalqparvar, din va siyosat arbobi Xoja Ahror Valiy 1404 yili qadim Shoshning (Toshkent) Bog’iston qishlog’ida tug’ilib, 1490 yili Samarqandda vafot qilgan. Tasavvufga oid bir qancha asarlar yozgan. Uning “Risolayi volidiya ” asari xalq ichida mashhur bo’lgan.

Xiva. Said Alouddin maqbarasi
XIV – XVIII asrlar. Bu maqbara XIV asrda so’fiy Amir Kulol tomonidan ustozi Shayx Alouddin qabri ustiga qurdirilgan. Zamonlar o’tib, maqbara atrofida turli qabrlar ko’payishi tufayli u ko’milib ketgan. Ilmiy qazilmalar natijasida mazkur yodgorlikning dastlabki ko’rinishiga doir ma’lumotlar aniqlandi. Maqbara ziyoratxona va daxmadan iborat. Daxma va sag’analar o’ymakor naqshlar bilan bezatilgan. Ularning birida Said Alouddinning vafoti sanasi 1303 yil 18 mart, deb yozilgan. Maqbarani 1825 yili me’mor Hibbiqulixo’ja o’g’li Hamidxo’ja ta’mirlagan.

Xorazm viloyati. Yusuf Hamadoniy maqbarasi
Imom Yusuf Hamadoniy XII asrda yashagan, go’zal axloqi, yuksak maqomati va karomati bilan mashhur bo’lgan ulug’ mutasavvif. Bag’dod, Isfahon va Samarqand kabi ko’hna shaharlarning ilmiy majlislarida ishtirok etgan. Yusuf Hamadoniy “xojagon”lar tariqatining asoschilaridan biri hisoblanadi. Tariqat ilmining yorqin namoyandalari Abduxoliq G’ijduvoniy va Ahmad Yassaviylarga ustozlik qilgan. Tasavvufga oid asarlar muallifi.

Samarqand. Ulug’bek madrasasi
XV asr. Samarqanddagi Registon majmuasining muhim qismini tashkil etadigan Ulug’bek madrasasi 1417-1420 yillari nihoyatda mahobatli qilib qurilgan. Samarqand ko’rki bo’lmish Registon maydoni Mirzo Ulug’bek davrida vujudga kelgan. Ulug’bekning podshohlik davrida Movarounnahrda, ayniqsa, Samarqandda iqtisod va tijorat, fan va madaniyat, me’morlik yuksaldi. U ko’pgina ilmiy asarlar va she’rlar yozgan, kuy bastalagan. Ulug’bek fan tarixidagi eng yirik ilmiy maktab – falakiyot maktabi asoschilaridan biridir.

Samarqand. Ruhobod (Shayx Burxoniddin Sog’arjiy) maqbarasi
XIV asrga oid me’moriy yodgorlik. Amir Temur maqbarasining shimolida joylashgan, chorqirra shaklidagi gumbazli bino. Shayx Burxoniddin Sog’arjiyni Amir Temur o’ziga ma’naviy pir, deb qabul qilgan. Shayx Burxoniddin Sog’arjiy X asrda Somoniylar davrida yashab, avliyolikda Qutb pog’onasiga ko’tarilgan zotdir. Uning nasl-nasabi Umar ibn Xattobga borib taqaladi.

Buxoro viloyati. G’ijduvon. Abduxoliq G’ijduvoniy maqbarasi
XV asr. 1103 yilda G’ijduvon shahrida tavallud topgan buyuk tasavvuf va so’fiylik tariqati shayxi Abduxoliq G’ijduvoniy hazratlari sharafiga bag’ishlab 1433 yilda Mirzo Ulug’bek tomonidan Hazrat qabrlarining qibla tomonida muhtasham madrasa qurdirilgan. Madrasaning tashqari qismida, hazrat maqbarasi yonida quduq, chillaxona va minora ham bunyod etilgan. Hazrat xalq orasida “Xojai jahon” nomi bilan mashhur, tasavvufga oid bir qancha asarlar muallifidir. O’zbekiston Prezidentining tashabbuslari bilan 1993 yili Abduxoliq G’ijduvoniy tavalludining 890 yilligi keng nishonlandi.

Qashqadaryo. Langar ota majmuasi
XV- XVI asrlar. Langar ota me’moriy majmuasi hozirgi Qamashi tumanining Langar qishlog’ida XV asrning oxiri va XVI asrning boshlarida juda katta obro’-e’tibor va salohiyatga ega bo’lgan Kattalangar shayxlari tomonidan qurilgan. Maqbarada “Langar ota ” nomi bilan tanilgan Shayx Muhammad Sodiq (1460-1545), otasi shayx Abul Hasan va avlodlari dafn etilganlar. Maqbarada Amir Temur avlodidan bo’lgan ismi ko’rsatilmagan bir shahzodaning ham qabr toshi mavjud.

Toshkent. Yunusxon maqbarasi
XVI asr. Yunusxon Zahiriddin Muhammad Boburning onasi Qutlug’ Nigorxonimning otasi bo’lib, o’sha davrda Toshkent shahriga hokimlik qilgan. “Boburnoma “da aytilishicha, Yunusxon Chig’atoy naslidandir. Maqbara Yunusxon vafotidan so’ng Shayxontoxur qabristonida Yunusxon o’g’li Ahmadxon Olachaxon tomonidan qurdirilgan.

Toshkent viloyati. Anbarbibi maqbarasi
XV- XVI asrlar. Zangi otaning ayollari Anbarbibi Xorazm shohi Bug’roxonning qizi bo’lib, u dastlab Zangi otaning ustozlari va piri murshidlari Sulaymon Boqirg’oniy (Hakim ota)ning ayollari bo’lgan. Shajarada yozilishicha, Anbarbibining asl ismi Rayhona va qizlari Qorasoch, uning asl ismi Oyjon bo’lib, vafotlaridan so’ng ikkovlari yonma-yon dafn qilingan. XV asr boshlarida qurilgan Anbarbibi maqbarasi Toshkent viloyatidagi Zangi ota ziyoratgohi majmui tarkibiga kiradi.

Qashqadaryo. Husam ota majmuasi
XIV, XVI, XIX asrlar. Hazrat Husam ota asli Makkadan Movarounnahrga hijrat qilgan din arbobi bo’lib, Tedyon va Pedyon qishloqlariga asos solgan hamda yerli aholi orasida Islom dinini targ’ib qilgan. U 1090-1091 yillarda olamdan o’tgan. Husam ota va avlodlari dafn etilgan qabr ustiga uning muridlari tomonidan maqbara va majmua barpo etilgan. Maqbarada mo’g’ul xonlaridan Oqatoy va Masratoy ismlari ko’rsatilgan qabr toshlarining mavjudligi bu yerga XIII – XIV asrlarda mo’g’ullar ham dafn etilganini ko’rsatadi.

Buxoro. Bahouddin Naqshband majmuasi
XVI asr. Bahouddin Naqshband 1318 yili Buxoro yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog’ida tug’ilgan. Bahouddin Said Amir Kulol, Qusam shayx, Xalil ota kabi o’sha davrning eng yirik turkigo’y va forsigo’y mutasavvif olimlari qo’lida ta’lim olgan. O’zidan oldin o’tgan Yusuf Hamadoniy (XI – XII asrlar), Xoja Abduxoliq G’ijduvoniy (XII asr) tomonidan yaratilgan xojagon tariqatini tadrijiy davom ettirib, XIV asr shart-sharoitlariga moslagan holda “naqshbandiya ” tariqatini yaratdi. Qisqa muddat ichida bu tariqat avval Movarounnahrga yoyildi, undan qo’shni Islom mamlakatlariga o’tdi. Hozirgi Kogon tumanining Qasri Orifon qishlog’ida dafn etilgan Bahouddin Naqshband qabrining ustiga 1544 yili Buxoro xoni Abdulaziz I maqbara qurdirgan. Majmua mustaqillik yillarida qayta ta’mirlandi. 1993 yilda Xoja Bahouddin Naqshband hazratlarining 675 yillik yubiley tantanalari keng nishonlandi.

Buxoro. Mir Arab madrasasi
XVI asr. Shayx Said Abdulloh al-Yamaniy tomonidan Buxoro xoni Ubaydullaxon 1533-1539 yillari in’om qilgan mablag’ hisobiga qurilgan. Mazkur madrasada boshqa madrasalardan farqli o’laroq, xilxona ham mavjud. Shayx Said Abdulloh al-Yamaniy Movarounnahrda tasavvufda ulkan martabalarga erishgan. Mahalliy xalq uni “Arab amiri” ma’nosida “Miri Arab”, deb ulug’lagan. Buxoro amiri Ubaydullaxonning o’zi ham shu maqbaraga dafn etilgan. Madrasada XX asrlargacha vaqf mollari saqlangan bo’lib, undan mudarris, talaba va imomlarga maosh tariqasida foydalanishgan. Bugungi kunda madrasada O’zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli Mir Arab Islom o’rta-maxsus bilim yurti faoliyat ko’rsatmoqda.

Buxoro. Qo’shmadrasa majmuasi
XVI asr. Qo’shmadrasa bir-biriga qarama-qarshi joylashgan Modari Abdullaxon (Abdullaxon onasi) va Abdullaxon madrasalaridir. Gumbaz va devorlarida saqlangan yozuvlarga ko’ra, Modari Abdullaxon madrasasi Abdullaxon tomonidan onasiga atab 1566-1567 yillari qurdirilgan. O’zining nomidagi madrasa esa 1588-1590 yillarda barpo etilgan. Oradagi farq chorak asrga teng bo’lib, aynan shu 25 yil ichida Buxoro me’morligi kuchli rivojlangan. Abdullaxon madrasalar, masjid, darvishlar xonaqohi, ko’priklar, rabotu karvonsaroylar qurilishida behad matonat ko’rsatib, Buxoroning iqtisodiy rivojlanishiga oid ko’p islohotlar o’tkazgan.

Toshkent. Muhammad Qaffol Shoshiy maqbarasi
XVI asr. Hazrati Imom (Hastimom) nomi bilan mashhur bo’lgan Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ismoil Qaffol Shoshiyning qadimgi kichkina maqbarasi o’rnida barpo etilgan. Hijriy 291-366 yillarda yashab o’tgan bu zot o’z davrining buyuk allomasi – fiqhshunos, muhaddis, tilshunos, mufassir va shoir bo’lgan. Qaffol Shoshiy qonunshunoslik, mantiq kabi sohalarda ham ko’p asarlar yozgan. Mashhur asarlari “Al-jadal al-Hasan”, “Javomi’ al-kalim”, “Adab al-qoziy”, “Ilm al-jadal”, “Mahosin ash-shari’a” va boshqalardir. Dastlab eski Modarxon mahallasidagi Hastimom qabristoni majmuasi bo’lgan. Maqbaraning o’rtadagi katta xonasi ikki qavatli gumbaz bilan yopilgan. To’rdagi xonada sag’ana bor. Maqbara eshigi tepasidagi bitikda binoning qurilgan yili (1541-1542 y.), me’mori (G’ulom Husayn) va xattotning (Qudrat) ismlari yozilgan. Maqbara 1960 yilda ta’mir qilingan.

Buxoro. Baland masjid
XVI asr. Baland masjidning shimol va sharq tomonlari naqshinkor shiftli ayvon bilan o’ralgan. Mehrobning atrofi sirkor sopolchalar bilan bezatilgan, ularga oltin suvi yuritilgan. Uning yon tomonlari va tepasiga to’g’ri burchakli sopolchalardan suls xati bilan yozuvlar bitilgan. Yozuvlar tepasiga, shiftga yaqinroq joyga muqarnaslar ishlangan, ularga ham oltin suvi yuritilgan. Shifti ham naqshlar bilan qoplangan. Keyingi davrlardagi me’morlar Baland masjidning bezaklaridan namuna ko’chirganlar.

Buxoro. Chor Bakr me’moriy majmuasi
XVI- XX asrlar. Nufuzli Xojagon urug’ining boshlig’i Xoja Ismoil tomonidan Buxoroning tashqarisidagi Sumitxon qishlog’ida “Chor Bakr ” (to’rt Bakr) nomi bilan mashhur bo’lgan qabristonga asos solindi. Unda asosan (Imom Bakri Sa’d, Imom Bakri Tarxon, Imom Bakri Homid va Imom Bakri Ishoq) oilaviy qabrlarning ihotalari va ularning ortida dafn etilganlarning sag’analari mavjud. 1560-1563 yillari umumiy uyg’unlikdagi uchta imoratdan iborat majmua qurilgan. Xonaqoh va masjidning old tomonlari deyarli bir xil peshtoqlar bilan ajralib turadi. Lekin ularning rejasi va hajmdor qurilishi bir-biridan farq qiladi.

Navoiy. Qosim Shayx Azizon maqbarasi
XVI asr. Buxoro xoni Abdullaxon davrida mashhur bo’lgan piri murshid Qosim Shayx Azizon dafn qilingan dahma, xonning farmoyishiga muvofiq XVI asrning 80- yillarida bunyod etilgan. Abdullaxon hukmronlik qilgan davrda (1583-1595 y.) Qosim Shayx Azizon uning ma’naviy rahnamosi va piri edi. Hofiz Tanish al-Buxoriyning “Abdullanoma”, Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob”, Muhammad Tohir al-Xorazmiyning “Tarix al-avliyo” kabi asarlarida Qosim Shayx hazratlari XVI asr boshlarida taxminan 1503-1504 yillarda tug’ilganlar, deyilgan. Qosim Shayx Azizon tasavvufning jahriyya (zohiriy zikr) sulukiga mansub bo’lib, ma’naviy ruhoniy silsilalari Xoja Ahmad Yassaviyga borib taqaladi. Ularning oliy sha’n xonaqohi “Bu yerga kirgan kishi omonlik topgay “, degan hadis kamolidan mujda berib, zamon ahlining tinchlik va omonlik uyiga aylangan. Qosim Shayx Azizon 1581 yili 78 yoshlarida vafot etganlar.

Buxoro. Xo’ja Zayniddin masjidi
XVI asr. Qadimiy Buxoroning durdonalaridan bo’lgan Xo’ja Zayniddin masjidi eski mahalla ichida joylashgan. Masjid Xo’ja Zayniddin hazratlarining tashabbuslari bilan Imom al-Buxoriy hazratlari sharafiga Buxorodagi eng qadimiy hovuz bo’yiga, usta Mir Dustumbiy tomonidan qurilgan. Xo’ja Zayniddin 1465-1480 yillari Buxoroda qozi kalon lavozimida ishlagan. Masjid Abdulaziz ibn Ubaydullaxon davrida ta’mirlangan. Keyingi ta’mirlash ishlari 1904 yilda Ahadxon ibn Muzaffarxon (1885-1910 y.) buyrug’i bilan amalga oshirilgan.

Samarqand. Maxdumi A’zam maqbarasi
XVI asr. Ko’hna Samarqand shahrining shimoliy-g’arbiy tarafida, Oqdaryo va Qoradaryo oralig’ida joylashgan Dahbed qishlog’ida XVI asrda yashab, ijod etgan mutasavvif va olim Maxdumi A’zam qabri bor. Movarounnahrlik yirik diniy arbob, naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchilaridan biri Maxdumi A’zam (to’liq ismi Said Ahmad Xojagiy ibn Said Jaloliddin Kosoniy Dahbediy) Farg’ona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan. Tasavvuf ta’limotiga oid fikrlari naqshbandiya nazariyasiga asoslangan. Undan boy ilmiy meros qolgan. 30 dan ortiq risolalari O’zFA Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanmoqda.

Toshkent. Baroqxon madrasasi
XVI asr. Baroqxon (asli ismi – Navro’z Ahmadxon), tug’ilgan yili noma’lum. Shayboniy Abulxayrxonning nevarasi, Suyunchxo’jaxonning kenja o’g’li, Toshkent hokimi Navro’z Ahmadxon 1551-1556 yillarda Movarounnahrni Baroqxon nomi bilan idora qilgan. Toshkentda madrasa qurdirib, o’z nomidan pul zarb ettirgan. Movarounnahrning ko’p shaharlarida uning nomi xutbaga qo’shib o’qilgan. U Darg’om soyiga yaqin Raboti Xoja degan joyda 1556 yili to’satdan vafot etgan. Aslida Baroqxon madrasasining bir qismi noma’lum bir shaxsning maqbarasi sifatida qurilgan. So’ngra (1530 y.) shayboniylar sulolasining Toshkentdagi hokimi Suyunchxo’jaxon (vafoti 1525 y.) maqbarasi qo’shilgan. Majmuaning uchinchi bosqichini XVI asr o’rtalarida Baroqxon qurdirgan.

Toshkent. Ko’kaldosh madrasasi
XVI asr. Madrasa binosi 1523 yili Baroqxon (Navro’z Ahmadxon)ning o’rtancha o’g’li Darveshxonning vaziri Ko’kaldosh tomonidan an’anaviy me’morlik uslubida qurilgan. Ko’kaldosh madrasasi O’zbekistondagi eng noyob me’moriy obidalar turkumiga kiradi. Madrasa Markaziy Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa, Movarounnahr hududida ma’rifat va ma’naviyatning yuksalishida, iymon va e’tiqodning xalq orasida shakllanishida, din va davlat arboblari, shoiru yozuvchilar, olimu fozillarni tayyorlashda muhim tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan maskandir. Hozir ham O’zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli Islom o’rta-maxsus bilim yurti sifatida o’zining tom vazifasini ado etib kelmoqda.

Buxoro. Ko’kaldosh madrasasi
Ko’kaldosh madrasasi – Buxoro shahridagi Labihovuz ansambliga kiruvchi arxitektura yodgorliklaridan biri, 1568-1569 yillari qurilgan. Buxoro amirining vaziri Qulbobo Ko’kaldosh qurdirgan ikki qavatli imorat. Madrasada 160 ta hujra bo’lib, ularda nafaqat Buxoro amirligi, balki butun O’rta Osiyo, Orenburg, Qozon, hatto Qrimdan kelgan talabalar tahsil olganlar. Minoraning dekorativ gumbazlari noyob silliqlangan g’ishtdan “o’rgimchak inisimon ” qilib terilgan. Bu gumbazlarni Buxoro maktabi uslubida ishlangan eng yaxshi monumental san’at namunalari, deyish mumkin. Qulbobo Ko’kaldosh Amir Abdullaxon Shayboniy bilan birga sut emishganligi uchun Ko’kaldosh, ya’ni ko’krakdosh deb atalgan.

Samarqand. Xoja Abdu Berun majmuasi
XVII asr. Xoja Abdu Berun xonaqohi Samarqand qal’a devorining janubida joylashgan. XVII asr tarixiy yodgorligi. Ko’hna qabr yoniga toqu ravoqli xonaqoh-masjid, o’rtasiga jamoatxona, atrof burchaklariga hujra va zinalar qurilgan. Qo’shqavat sirkor gumbaz, poygumbaz va devorlar sirkor g’ishtlar va koshinkor naqshlar bilan bezatilgan. Jamoatxonaning uch tomonidan eshiklar ochilgan. Mehrob oddiy, xonaqoh ham xushbichim, sodda va fayzlidir. Uning yonboshida avliyo Xoja Abdu Berun qabri bor. Katta hovli sahnida supa, hovuz va darvozaxona ko’zga tashlanadi.

Samarqand. Sherdor madrasasi
XVII asr. Sherdor madrasasi Registon majmuasiga kiradigan obida bo’lib, u Samarqand hokimi Yalangto’sh Bahodir tomonidan 1619-1636 yillari Mirzo Ulug’bek xonaqohi o’rniga qurdirilgan. Sherdor madrasasi Ulug’bek madrasasining ro’parasida bir o’q chizig’i bo’ylab joylashgan. O’rta Osiyo me’morligida ko’p uchraydigan qo’sh uslubdan foydalanilgan. Peshtoq ravog’i tepasi diqqatga sazovor: qizg’sh zarhal sher oq ohuni quvmoqda. Quyosh bodomqovoq, qiyiq ko’zli yuz shaklida tasvirlanib, zarhal tusli yog’du bilan hoshiyalangan. Madrasa peshtoqiga Yalangto’sh Bahodirni ulug’lovchi she’r bitilgan. Sherdor so’zi “Sher aksi bor “, degan ma’noni anglatadi.

Samarqand. Tillaqori madrasasi
XVII asr. Samarqand Registonida eng keyingi qurilgan nihoyatda xushbichim va o’ziga xos madrasadir. Ulug’bek davrida qurilgan Mirzoyi karvonsaroyi o’rniga 1646-1647 yillari Samarqand hokimi Yalangto’sh Bahodir farmoyishiga ko’ra, madrasaga va jome masjidga mo’ljallab qurilgan. Registon majmuidagi Ulug’bek va Sherdor madrasalariga uyg’unlashib ketgan. Tillaqori madrasasining masjidi ichiga boshqa bir katta obida qurishga yetadigan miqdorda oltin sarflangan. Shuning uchun ham madrasa “Tillaqori “, ya’ni “tilladan ishlov berilgan”, deb ataladi. Podshohlikdan ko’ra binokorlik ishlarini afzal ko’rgan Yalangto’sh Bahodir 1656 yili vafot qildi. Vasiyatiga ko’ra, uni Dahbeddagi Maxdumi A’zam ziyoratgohiga dafn etishadi.

Buxoro. Nodir Devonbegi xonaqohi
XVII asr. Nodir Devonbegi xonaqohi avval karvonsaroy sifatida qurilgan. Qurilish nihoyasiga yetkazilganidan so’ng Buxoro hukmdori Imomqulixon qarori bilan masjidga aylantirilgan. Xonaqoh 1914-1916 yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayyid Olimxon tomonidan ta’mirlangan.

Buxoro. Abdulazizxon madrasasi
XVII asr. Buxorodagi Ulug’bek madrasasiga ro’para qilib bunyod etilgan oxirgi eng yirik madrasadir. An’anaviy uslubda qurilgan Abdulazizxon madrasasida xonaqoh, gumbaz, hujra va yo’laklarning joylashuvi Ulug’bek madrasasi kabi oddiy va qulay bo’lgan. Biroq binoni ganch va jilvirkorlik bilan bezashda iroqiy, shuningdek, sharqiy va hind uslublarining mujassamlashib ketgani uni rang-barang va o’z davri uchun o’ziga xos qilib turadi.

Qoraqalpog’iston. Beruniy tumani. Sulton Uvays bobo maqbarasi
XVII – XIX asrlar. Sulton Uvays asl ismi Suhayl ibn Omir ibn Rumon ibn Nohiya ibn Qaran ibn Murod. U Yaman mamlakatining Qaran qishlog’i Murodiy qabilasida milodning 625 yili tug’lgan. 657 yili (hijriy 37 yili 17 shavvol kuni) Hazrati Ali va Muoviya askarlari o’rtasida yuz bergan Siffin jangida 32 yoshida shahid bo’lgan. Payg’ambar (a.s.) bu bo’lg’usi avliyo zot haqida xabar berganlar. Sulton Uvays Bobo maqbarasida u kishining jasadlari yo’q. O’sha davr odatiga ko’ra, avliyoning izdosh-muxlislari XVII asrda ramziy qabr yasab, bir ziyoratgoh bunyod etishgan. So’ngra keyingi asrda Xiva xonining o’g’li Olloqulixon Peterburg safaridan qaytib kelayotganida o’sha joyda tunaydi. Avliyolar Sultoni Uvays Qaraniy uning tushiga kirib, yaqinda xon bo’lishi haqida bashorat qiladi. Shu bashorat ro’yobga chiqqach, uning suyunchisiga Olloqulixon shayxga katta masjid va alohida o’nta chillaxona qurdiradi.

Namangan. Xo’ja Amin maqbarasi
XVIII asr. Xo’ja Amin maqbarasi XVIII asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan. Maqbarani bezashda XIV asr boshida o’rta osiyolik me’morlar foydalangan rang-barang sirkor qoplamadan siqib chiqargan o’yma sopol qo’llanshgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, XVI asrning oxirlarida Shayx Xovandi Tahur avlodlaridan bo’lgan Iminxo’ja Eshon Toshkentdan Namanganga kelib o’rnashib qoladi. Unga ixlos qiluvchi kishilar ko’payib ketadi. Iminxo’ja Eshon qaynotasidan meros qolgan boyliklar evaziga Ibrohimxo’ja xotiralari uchun taxminan XVII asr oxiri – XVIII asr boshlarida Ibrohimxo’ja qabrining oldi tarafiga maqbara bunyod etadi. Maqbara qurilishiga o’sha davrning mohir me’morlari jalb qilinib, u juda nozik did bilan qurilgan.

Xiva. Sherg’ozixon madrasasi
XVIII asrning birinchi yarmi. Bu madrasa Xorazmdagi o’quv muassasalari orasida eng ko’hnasidir. Uni Xiva xoni Sherg’ozixon 1719 yili Mashhadga muvaffaqiyatli safar qilgandan so’ng ana shu g’olibona safar sharafiga qurdirgan. Madrasa binosi bizning davrimizgacha asl holicha to’la yetib kelmagan. Yillar mobaynida nurab, yaroqsiz holga kelib qolgan. Mazkur madrasa o’z davrida yirik bilim o’chog’i bo’lib, unda ko’plab tolibi ilmlar tahsil olganlar. Jumladan, turkman xalqining mutasavvif shoiri Maxtumquli ham mana shu bilim dargohida ta’lim olgan.

Xiva. Pahlavon Mahmud maqbarasi va majmuasi
XVIII – XIX asrlar. Bu maqbara 14-asrda yashab o’tgan ulug’ mutafakkir shoir, faylasuf olim, kuragi yerga tegmagan pahlavon, mohir po’stindo’z va telpakdo’z usta Pahlavon Maxmud sharafiga bunyod etilgan. Bu majmua Xivada “Hazrati Pahlavon Pir ” nomi bilan ham mashlurdir. Pahlavon Mahmud 1247 yili tug’ilib, 1326 yili vafot etgan. Uni Xorazmda “Piryor valiy”, “Polvonpir” deb ham atashadi. Shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmud asli ko’hna Urganchdan bo’lib, Xivada yashagan.

Samarqand. Hazrati Xizr masjidi
XVIII – XIX asrlar. Bu masjid Samarqanddagi Shohizinda majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan bo’lib, Muhammad ibn Vase’ Ohanin darvozasi yaqinida, so’g’diylar ibodatxonasi o’rniga qurilgan. Rivoyatlarda Hazrati Xizr suv va o’tloqlarning homiysi sifatida ta’riflanadi.

Toshkent. Xo’ja Alambardor maqbarasi
XIX asr. Bu maqbara Islom dini arboblaridan Xo’ja Abdul Aziz Alambardor nomi bilan bog’liqdir. Islom fotihlari hijriy 135-145 yillar oralig’ida qadimgi Choch (Shosh – hozirgi Toshkent) shahriga kelganida lashkarning bayroq ko’taruvchisi – alambardori Abdul Aziz Samarqand darvoza tashqarisiga Islom tug’ini qadagan. O’sha joy hozirgi Xo’ja Alambardor qabristonining o’rtasi bo’lib, keyinroq bu yerda bir sag’ana qurilgan. Xo’ja Alambardor Abdul Aziz umrining oxirgi yillarini Isfijob (Sayram)da o’tkazadi va o’sha yerda vafot etadi. Keyinroq uning qabri yon atrofiga Ahmad Yassaviyning ota-onalari ham qo’yilgan. Demak, mazkur maqbarada Xo’ja Alambardorning o’zi yo’q. Ammo ichida katta-kichik beshta qabr mavjud. Maqbara bir necha marta qayta tiklangan. Ichida o’sha vaqtda qo’yilgan Islom bayrog’i tug’i hamon saqlanadi. Tug’da “Alloh” va “Muhammad” so’zlari yozilgan.

Xiva. Said Magrumjon maqbarasi
X1X asrning ikkinchi yarmi. Ichan qal’a majmuasi tarkibiga kirgan Sirchali arig’i bo’yidagi Cho’pon Eshon qabristonida joylashgan. Bu mukammal madaniy-me’moriy majmuaga mahobatli uchta obida kiradi. Ularning eng yirigi to’g’ri to’rtburchakli bo’lib, turli kattalikdagi uchta madrasadan iborat. Kattasi uzunasiga janubiy-sharqqa cho’zilgan, ikkita kichkina madrasa g’arb tomondan unga birikkan bo’lib, g’arb-sharq tomonga cho’zilgan. Hovli ichkarisida g’arb tomondan markazga ozgina siljigan holda Shayx Said Magrumjon maqbarasi joylashgan. Uning tepasiga katta gumbaz qurilgan. Said Magrumjon zamonasining yetuk allomalaridan hisoblangan. Xalqqa ma’rifat tarqatishda katta xizmat qilgan.

Xiva. Olloqulixon madrasasi
XIX asrning birinchi yarmi. Xivadagi Olloqulixon madrasasining qurilishi Ichan qal’aning yaxlit majmua bo’lib shakllanishi tarixi bilan uzviy bog’liqdir. Madrasa qarshisidagi Xo’jamberdibiy madrasasiga o’xshatib ishlangan. Natijada O’rta Osiyo me’morligida keng tarqalgan usulda qo’shmadrasa hosil bo’lgan. XIX asrdan yodgorlik bo’lgan bu madrasani Xiva xoni Muhammad Rahimxonning o’g’li Olloqulixon 1834 yili qurdirgan. Olloqulixon mamlakatda bunyodkorlik ishlariga katta ahamiyat bergan. Uning davrida karvonsaroy, tim, toshhovli, Oqmasjid, Saidboy masjidi kabi inshootlar barpo etilgan.

Xiva. Muhammad Aminxon madrasasi

XIX asr. Xorazm me’morligining yorqin namunalaridan hisoblangan, 1851-1855 yillari qurilgan bu madrasaning tashabbuskori Xiva xoni Muhammad Aminxon edi. Madrasada 125 ta hujra bo’lgan. XVIII asrning 60-yillarida Xiva xonligida hokimiyatni qo’ng’irotlar qabilasidan bo’lgan inoqlar asta-sekin qo’llariga ola boshladilar. Ular badavlat shaharliklar va ruhoniylarning qo’llab-quvvatlashiga erishdilar. Ana shu davrda hukmronlik qilgan Inoq Muhammad Aminxon (1763-1790 y.) qishloq xo’jaligi va savdo ishlari rivojiga keng yo’l ochib berdi. Bu davrda dehqonchilik va hunarmandchilik asta-sekin tiklana boshladi

Xiva. Muhammad Rahimxon madrasasi
XIX asrning ikkinchi yarmi. Xivadagi me’moriy yodgorliklardan biri bo’lgan bu madrasa 1871 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (Feruz) tomonidan qurilgan. Muhammad Rahimxon II 1844-1910 yillarda yashab o’tgan. U mamlakat madaniyati va iqtisodiy hayotini ko’tarishda ilg’or tadbirlarni amalga oishrdi. Madaniyat va fan arboblariga homiylik qildi. O’zi ham Feruz taxallusi bilan ijod qilgan. Muhammad Rahimxon ulamolarga, shoiru adiblarga, umuman, turli sohaning fazilatli kishilariga homiylik ko’rsatgan xondir. She’riyatda Ogaxiyni va iymon-e’tiqod, dinu diyonat hamda shariatda adolatpeshaligi bilan mashhur bo’lgan qozikalon, shayxul islom Salimoxun Matnona o’g’lini ustoz va pir tutdi. El-ulusning iqtisodiy-madaniy darajasini ko’tarish choralarini ko’rdi. U Turkiston xonliklarida birinchilar qatorida toshbosmaxona va suratxona qurdirgan.

Xiva. Islomxo’ja madrasasi va minorasi
XX asr boshlarida qurilgan Islomxo’ja madrasasi va minorasi Xivaning dovrug’ini olamga taratgan. Uni yaratish tashabbuskori va homiysi Asfandiyorxonning bosh vaziri Islomxo’ja bo’lgan. Minora Xivaning faxridir. Islomxo’ja o’z davrining fan, madaniyat, texnika yangiliklariga g’oyat qiziquvchi davlat arbobi edi. U Xorazmni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida ko’rishni istar, Vatanii tashqi dunyo bilan bog’lashga intilar, ilg’or g’oyalar bilan to’lib-toshgan inson edi. U Xiva qadimiy obidalarini saqlash, ta’mirlash ishlariga ham katta g’amxo’rlik ko’rsatgan. Xonlikni idora etishdagi xizmatlari uchun “Vaziri akbar ” unvoni berilgan. U Xivada pochta va telegraf binosi, Nurullaboy saroyi, maktab va kasalxona qurdirgan.

Namangan. Mullo Bozor Oxund (Mulla qirgiz) maqbarasi
XX asr boshi. Mullo Bozor Oxund (Mulla qirgiz) XVII asrning birinchi yarmida dunyoga kelgan. Ilmga tashnalik uni Turkistonning ilmu fan markazi bo’lmish Buxoroga olib kelgan. Uzoq yillar madrasada o’qish bilan birga donishmand olim Mirzo Bahodir Buxoriydan ta’lim olib, u zotdan irshod xatini – pirning yorlig’ini olgach, Buxorodan chiqib, O’rta va Yaqin Sharq mamlakatlariga sayohat qilgan. Qashqarning Xo’tan, Yorkent va boshqa shaharlarida bo’lgan. Mullo Bozor Oxund fiqh, hadis, faroiz, jo’g’rofiya, ilmi hisob, tarix, adabiyot, tasavvuf va boshqa ilmlarni yaxshi egallagan yirik olim edi.

Samarqand. Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi
Samarqand viloyati Xartang qishlog’idagi Imom Buxoriy ziyoratgohiga 70-yillar boshida O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari idorasi tomonidan qabr toshi qo’yilgan bo’lib, 70-yillar o’rtalarida qabr ustiga gumbazli ayvon qurilgan. 1998 yilda Imom Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy hisobda 1225 yilligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq qisqa fursatda muhtasham yodgorlik majmua bunyod etildi. “Hadis ilmida Amirul al-mo’miniyn”, degan sharafli nomga sazovor bo’lgan alloma hijriy 194 yil shavvol oyining 13 kuni (milodiy 810 yil 20 iyul) Buxoro shahrida tavallud topgan. 10 yoshidan boshlab Movarounnahrdagi turli roviylardan eshitgan hadislarni yodlay boshlagan, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to’plamlarini mutolaa qilib yod olgan. 825 yili Imom Buxoriy volidai muhtaramasi va inisi Ahmad bilan Makkai Mukarramaga safar qilib, u yerda 6 yil yashagan. Hayotining ko’p qismini xorijiy mamlakatlarda musofirlikda o’tkazib, ko’plab olimlardan ta’lim olgan. Xorijdan qaytgach, Buxoroda ko’plab shogirdlarga hadis ilmidan saboq bergan. Imom Buxoriy avlodlarga 20 dan ortiq meros qoldirgan. Ulardan “Al-Jome’ as-sahih”, “Al-Adab al-mufrad”, “At-Tarix as-sag’ir” kabilar mashhurdir.

Samarqand. Imom al-Moturidiy maqbarasi
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan maqbara 2000 yilda Samarqandning Chokardiza qabristonida bunyod etilgan. Buyuk vatandoshimiz Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy-diniy merosining xalqimiz ma’naviy-ruhiy hayotidagi o’rni beqiyosdir. U Islom olamida “Imom al-huda” (Hidoyatga boshlovchi imom) va “Imom al-mutakallimin” (Kalom olimlarining imomi) degan sharafli unvonlar bilan mashhur bo’lgan. Ismlari Muhammad, “Moturidiy” taxallusini Samarqandning Moturid qishlog’ida tavallud topganliklari uchun olganlar. Manbalarning dalolat berishicha, Al-Moturidiy fiqh va kalom ilmi bilan yoshlikdanoq qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan tahsil olgan. Ko’plab mashhur faqih va muhaddislar bilan muloqotda bo’lgan, butun umri davomida shu sohaga oid ko’plab asarlar yozib qoldirgan. “Kitob at-tavhid”, Kitob maqomat”, “Tavilot ahl as-sunna “asarlari shular jumlasidandir.

Farg’ona. Ahmad al-Farg’oniy majmuasi
Majmua mustaqillik davrida – 1998 yilda bunyod etilgan. Abul Abbos ibn Muhammad ibn Kasir Ahmad al-Farg’oniy 797 yili Farg’ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog’ida tug’ilgan. Xalifa Horun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi muovini, o’g’li Ma’munning Marvdagi olimlari doirasiga kirgan. Ahmad al-Farg’oniy nihoyatda mashhur olim bo’lib, asarlarining tarjimasi bir necha asrlar davomida hatto Yevropa universitetlarida ham asosiy darslik sifatida qo’llanilgan. Manbalarda Ahmad al-Farg’oniy va uning 861 yilgi ixtirolari haqida ko’p gapiriladi. U ixtiro qilgan “Miqyos an-Nil ” (Nil daryosi suvini o’lchash) hozirgi kunda ham Misrning Qohira shahrida saqlanib qolgan. Vafoti taxminan 865-866 yillar, deb qabul qilingan.

Farg’ona. Burxoniddin Marg’inoniy (ramziy) maqbarasi
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan allomaning ramziy maqbarasi 2000 yilda Rishton shahrida bunyod qilindi. Buyuk faqih Abul Hasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al-Farg’oniy ar-Rishtoniy al-Marg’inoniy 1123 yilning 23 sentyabrida tug’ilgan. U Qur’on, hadis va fiqh ilmini benihoya chuqur va mukammal egallagani va bu sohada beqiyos durdonalar yaratgani tufayli “Burhon ad-din val-milla” (Din va ummatning hujjati) degan nom olgan. 1178 yili yozgan “Al-Hidoya” asari fiqh bo’yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida butun Islom olamida hanafiy mazhabining fiqh masalalaridagi asosiy qo’llanmasiga aylangan.

Samarqand. Imom ad-Doramiy maqbarasi
Maqbara 2000 yil bino qilingan. Hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriyning ustozlaridan biri Imom Abdurahmon ad-Doramiy as-Samarqandiy hijriy 181 (mil. 798) yili Samarqandning qadimiy Doram mavze’ida tavallud topgan. Yoshligidanoq Islom fiqhshunosligi va hadisshunosligi bilan mashg’ul bo’lgan. Makka, Madina, Misr, Shom, Bag’dod, Xuroson kabi yurtlarda turli olimlardan saboq olgan. Imom ad-Doramiy ko’plab asarlar yozgan. Uni dunyoga mashhur etgan asari esa “Musnad” (Sunan) nomli hadislar to’plamidir. Mazkur kitobni “Musnadi Doramiy” yoki “Doramiy sunnatlari”, deb ham atashadi. Imom ad-Doramiy hijriy 255 (mil. 869) yilda vafot etgan. Mustaqillik yillari qabri atrofi obod etilib, ziyoratgohga aylantirildi.

Xorazm. Mahmud az-Zamaxshariy ziyoratgohi
Maqbara o’zi ko’hna Urganchda – hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan. Abul qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy hijriy 467 yili qadimiy Zamaxshar qishlog’ida tug’ildi. Urganchda zamonasining ulug’ allomalari qo’lida ta’lim oldi. Ilohiyotshunoslik sohasida bilim va malakasini oshirish maqsadida Makkai mukarramaga bordi. U yerda alloma tafsir ilmi sohasida ulug’ kashfiyot sanalgan “Al-Kashshof” asarini yaratdi. Ka’batullohda uzoq vaqt turib qolganidan unga “Jorulloh” (Allohning qo’shnisi) unvonini berdilar. Allomaning tafsir va hadis, sarf va nahv, ilmi adabga doir 50 dan ziyod asarlari ilm olamida yuksak qadrlanadi. “Al-Kashshof” tafsiri necha zamonlardan beri musulmon olamidagi oliy o’quv muassasalarida darslik sifatida o’qitib kelinmoqda. Buyuk allomaning lug’atshunoslik, nazm, xalq, og’zaki ijodi, jo’g’rofiya va boshqa sohalarga doir asarlari ham bizgacha yetib kelgan. 1995 yilda bu ulug’ alloma sharafiga Xorazmda majmua barpo etilib, tavalludining 920 yilligi xalqimiz tomonidan keng nishonlandi.

Toshkent. Xoja Ahror Valiy masjidi
Xoja Ahror Valiy masjidi 1451 yilda ulug’ alloma, zamonasinnig yetuk olimi, davlat arbobi, xalqparvar inson Xoja Ahror Valiy tomonidan qurdirilgan. Toshkent shahridagi eng katta masjid bo’lganligi uchun shahar ulamolari, qozilar shu yerda ish yuritishgan. Oddiy xalq masjidni “Majjome’ ” deb atardi. Vaqt o’tishi bilan masjid binosi juda ayanchli holatga kelib qoldi. Istiqlol yillarida yangi zamonaviy sharqona uslubdagi masjid qad rostladi. Shaharning ko’rki, gultoji bo’lgan bu bino Sharqning go’zal me’moriy san’atini o’zida mujassam etadi

Toshkent. Tillo Shayx masjidi
Masjid 1890 yilda iymon-e’tiqodli, taqvodor Tillo Shayx ota ismli savdogar tomonidan qurdirilgan. U Xitoydan qo’ylar olib kelib sotish bilan shug’ullanib, bir yillik foydasidan ushbu masjidni qurdirib, mo’min-musulmonlarga in’om qilgan ekan.
Ro’baro’da Baroqxon madrasasi joylashgan bo’lib, bu ikki yodgorlik sal shimolroqda qurilgan Qaffoli Shoshiy maqbarasi bilan birgalikda ko’p zamonlar Hazrati Imom (Hastimom) mahallasining guzari va eng ko’rkam joyi hisoblangan.

O’zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi
“Tillo Shayx ” masjidi yonida joylashgan “Mo’yi Muborak ” deb nom olgan qadimgi binoda 1943 yili kutubxona tashkil etildi. Diniy idora raisi muftiy shayx Eshon Boboxon shaxsiy kutubxonasidan mingdan ortiq qo’lyozma kitoblarni taqdim etgan. Hozir kutubxonada 25 mingdan ziyod turli qo’lyozma va bosma asarlardan iborat ulkan xazina saqlanmoqda. Xazinadagi kitoblarning eng nodiri va qimmatlisi Hazrati Usmon (r.a.) davrlarida qadimiy arab xatida yozib sahifalangan Qur’oni karimdir. Kutubxona hamma vaqt ilm toliblari, mehmonlar, xorijlik sayyohlar bilan gavjum

(Visited 609 times, 1 visits today)
Понравилось? Пожалуйста поделитесь с друзьями.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

Matn nusxasini olish taqiqlanadi! Shaxsiy ehtiyoj uchun kerak bo'lsa, telegram: @sadikovuz