(Ўзбекча) Turob To’la tadbir senariysi

Бубахшед, ин ришта танҳо дар дастрас аст Ўзбекча For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.

O’zbekiston  xalq shoiri Turob To’la tavalludining 100 yilligiga  bag’ishlanadi

Qoraqalpog’iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi №10-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi Qurbonova Nabiraning

tadbir ssenariysi

Ellikqal’a – 2018

Atoqli shoir va mohir dramaturg

Oybek va G’afur G’ulom avlodidan keyin o’zbek adabiyoti maydonida javlon urib, adabiyotimizni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga intilgan avlod vakillaridan biri O’zbekiston xalq shoiri Turob To’ladir. Bu yil  Turob To’la tavallud topganiga rosa 100 yil to’ldi. Shu munosabat bilan Ellikqal’a tumani 10-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabining 6-sinf o’quvchilari bilan hamkorlikda tadbir o’tkazdik.

Tadbir bosqichlari

1-bosqich.  (“Ko’chalar” qo’shig’i qo’yiladi.) “Salomnoma” Bu shartda har bir  guruh o’z guruhiga nom o’ylab topib, salomnoma aytish bilan birga guruh nomini va ramzini ta’riflashi shart. Salomnoma – 5 ball, ramz ta’rifi – 5 ball.

2-bosqich. “Savol bizdan, javob sizdan” viktorinasi. (Guruh sardori savollar yozilgan konvertni tanlaydi. Har bir konvertda  6 savol bo’lib, guruh a’zolari bilan kengashgan holda javob beradi. Har bir savolga 2 ball qo’yiladi.)

Savollar:

  1. Turob To’la “Yetti zog’ora qissasi”da “Navoiyni mahliyo qilgan donishmand” deb kimni ta’riflaydi?
  2. “Do’nan” hikoyasida qahramonning onasining ismi kim?
  3. Turob To’la teatr bilim yurtida qaysi yillarda o’qigan?
  4. Turob To’la ijodini qachon boshlagan?
  5. Turob To’laning urushdan keying yillarda yaratilgan she’riy to’plamlari?
  6. “O’ziga to’q, tinch oilada katta bo’lgan yolg’iz o’g’il” deb ta’rif berilgan timsol kim?
  7. Turob To’laning adabiy portret va xotiralari
  8. “Yetti zog’ora qissasi”da voqealar kimning tilidan hikoya qilinadi?
  9. Turob To’laning “Yetti zog’ora qissasi” qahramonlari kim?
  10. Turob To’la yaratgan pyesalar?
  11. Turob To’la kinossenariylari asosida yaratilgan filmlar?
  12. Turob To’laning birinchi she’riy to’plami qachon va qanday nom bilan nashr etilgan?
  13. Turob To’laning 1981-yil bolalar uchun yozgan asari?
  14. Turob To’la yaratgan balet librettolari
  15. “Yetti zog’ora qissasi” da tilga olingan tarixiy shaxslar?
  16. Turob To’la tarjima qilgan asarlarni ayting.
  17. “Do’nan” hikoyasida qahramon otini qaysi giyoh bilan cho’miltirar edi?
  18. “Do’nan” hikoyasida uchraydigan qishloq va soylar nomlari

3-bosqich.  Turob To’la she’rlarini ifodali o’qish.  (bunda har bir guruhga Turob To’laning she’rlarini o’qish uchun 5 ball, Turob To’laga bag’ishlab yozilgan she’rlarni o’qish 5 ball).

YOR ETMA

 Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma,
Muhabbat bog‘ini tark et va aslo guluzor etma.

Agar yov oldida behuda ish birlan asir o‘lsam,
Qasos nafrat bilan o‘ldir, meni aslo xumor etma.

Harom o‘lsin muhabbat gar yo‘limdan bir qadam qaytsam
Raqibim bo‘l, rafiqam bo‘lmagil, motam mazor etma.

Zafar birla jahonga ko‘rsaturman chin muhabbatni,
Muhabbat farz ham qarzdir, qo‘zim, nomusi or etma,

Qo‘limdan tushmagay aslo qasos shamshiri janglarda,.
Agar o‘lsamki mardona, o‘zingni g‘amguzor etma.

Va lekin qumrilar g‘am birla aslo nolavor bo‘lmas,
Ko‘zingga bu jahonni asti, yorim, tangi tor etma.

Go‘zal gulshan Turobi pok etilgay tezda yovlardan,
Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma.

 

ONAIZOR

 

Yaxshi so‘z chiqqay yurakning qa’ridan,
Bormikin bahr olmagan yor bahridan!
Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir
Olam ichra onaizor bag‘ridan!

Ey, janubga talpinib uchgan xayol,
Sog‘inishdan o‘rtagan bag‘rimni ol,
Onaizorimni etgil baxtiyor,
Intizor u, intizor u, intizor!

Lochining bor, deb onamni shod qil,
Ayriliqning dardidan ozod qnl.
Baxt bo‘lib, oro bo‘lib kir bag‘riga,
Bag‘rini gul, ko‘nglini obod qil.

Aylanur tun bag‘ri to‘lgan oy bilan,
Aylanur bosh o‘ynab oqqan soy bilan!
Baxt kelur, baxting kelur, kutgil, ona,
Har na kelgay jang bilan, ham joy bilan.

Yaxshi so‘z chiqqan yurakning qa’ridan,
Bormikin bahr olmagan yor bahridan!
Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir
Olam ichra onaizor bag‘ridan!

4-bosqich. Turob To’la she’rlari asosida yaratilgan qo’shiq namunalarini kuylash bosqichi. (10 ball). “Maftun bo’ldim”, “Sartarosh”, “Ko’chalar” va boshqalar.

5-bosqich. Turob To’laning “Do’nan” hikoyasi  asosida “Kim Baxshilla maxsim” hikoya aytish musobaqasi. Bunda Baxshilla hikoyalari har guruhdan 1 o’quvchi tomonidan aytiladi.

6-bosqich. “O’yla, izla, top” krossvord yechish bosqichi. (10 ball).  Bu bosqichda guruhlar o’zlariga berilgan krossvord jumboqning javoblarini topishlari kerak. (“Maftun bo’ldim” qo’shig’i tugaguncha vaqt beriladi.

7-bosqich. Turob To’la rasmlarini baholash. (10 ball)

7 bosqichdan iborat bo’lgan bu adabiy viktorina o’quvchilarning Turob To’la  ijod namunalarini qay darajada  o’zlashtirilganligini ko’rsatish bilan birga ularning kitob o’qishga bo’lgan qiziqishini orttirib, o’z ustida izlanishga  undaydi hamda  kitobxonlikni rivojlantiradi.

 

 “Turob To’la – ajoyib yozuvchi va dramaturg” deb nomlangan adabiy kecha

Tadbir Malika Egamberdiyeva ijrosida “Ko’chalar” qo’shig’i bilan boshlanadi.

1-boshlovchi :  

Yuz yilda dunyoga keladi shoir,

Har kuni tug’ilar odam bolasi,

Yuz illliklar  osha sizga tashakkur,

O’zbek elining Turob To’lasi.

2-boshlovchi :

Eng dilbar odamni so‘rdilar mendan,
Mening otam dedim, otam albatta.
Eng lobar odamni so‘rdilar mendan,
Mening onam dedim, onam albatta.
Eng siyimbar Vatanni so‘rdilar mendan,
Mening, mening dedim, mening albatta,
Eng zukko zamonni so‘rdilar mendan
Mening, mening dedim, mening albatta,

1-boshlovchi : Mana bugun biz bilim olayotgan maktabimizda o’zbek  adabiyotining buyuk vakillaridan biri Turob To’la tavalludining 100 yilligiga bag’ishlangan “Turob To’la – mohir yozuvchi va dramaturg” nomli adabiy musiqiy kecha tashkillashtirdik. Xush kelibsiz!

2-boshlovchi :

Yomon kirdikoring deya so‘rdilar mendan,
G‘urbat, g‘urbat, dedim, g‘urbat albatta,
Eng suygan diyoring deya so‘rdilar mendan,
Turbat, Turbat, dedim, Turbat albatta!

deya she’rlar yozgan serqirra yozuvchi va shoir Turob To’la 1918-yil 24-dekabrda Janubiy Qozog’istonning Turbat qishlog’ida  tug’ilgan. Ota-onasidan erta ayrilgan Turobjon bolalar uyida  ta’lim-tarbiya oladi. 1934-1938-yillarida  Toshkent teatr bilim yurtida, 1938-1941-yillada Toshkent pedagogika institutining til va adabiyoti fakultetida o’qiydi.

1-boshlovchi : O’qishni bitirgach, respublika gazeta-jurnallarida adabiy xodim, O’zbekiston davlar radioeshittrish qo’mitasida muharrir va suxandon, O’zbekiston Davlat nashriyotida muharrir, “O’zbekfilm” kinostudiyasida ssenariy bo’limi mudiri, respublika Kinochilar uyushmasida kotib, Madaniyat vazirligi san’at ishlari boshqarmasi boshlig’i, Hamza nomidagi teatr direktori, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiyotni targ’ib etish markazi rahbari singari vazifalarni bajaradi.

2-boshlovchi : Turob To’la ijodiy faoliyatini  15-16 yoshdan boshlagan.  Uning dastlabki to’plami 1939-yilda “She’rlar” nomi bilan chop etilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida  shoirning “Shodligim”, “Tabassum” nomli to’plamlari e’lon qilindi.  Turob To‘laning “Baxt tong otari” (1948), “Sening haqingda”, “Qanotlan, qo‘shiqlarim”, “Kamalak”, “Nafosat” to‘plamlari ko‘pgina she’r va maqolalarni o‘z ichiga olgan. U “Bolalar dostoni” (1950) nomli asarida maktab va do‘stlik haqida hikoya qiladi. 1955 yilda Turob To‘la “Qanotlan, qo‘shiqlarim” she’rlar to‘plamini o‘quvchilarga taqdim etdi. Qo‘shiq uchun yozilgan yoqimli, jarangdor she’rlari zamonamiz kishilarining yuragiga hamohangdir. U qo‘shiqchi shoir sifatida, ayniqsa mashhur bo‘lgan.

1-boshlovchi : Turob To‘la bir qancha kinoqissalar, jumladan, “Rais”, “Marg‘ilonlik qiz”, “Talant”, “Maftuningman”, “Furqat”, “Shashmaqom”, “To‘qqizinchi asr monologi”, “Qahr” filmlari ssenariysini yaratishda ishtirok etgan, mualliflik qilgan. Turob To‘la dramaturg sifatida ham faol edi, uning “Qari qiz”, “Qizbuloq”, “Momo Yer” (Ch. Aytmatov asari asosida), “Nodirabegim”, “Qahr” pyesalari respublika teatrlarida qo‘yildi. Shuningdek, u “Zulmatdan ziyo” (Oybekning “Qutlug‘ qon” romani asosida) operasi hamda “Samarqand afsonasi” baleti librettolarini yozgan.

2-boshlovchi : O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Turob To‘la o‘z she’rlari, qo‘shiqlari, musiqali dramalari va kinossenariylari bilan o‘zbek kitobxonlari va tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan.

1-boshlovchi : Turob To’lani elga mashhur qilgan asarlari: «She’rlar»(1939, birinchi she’rlar to’plami), “Shodligim” (1941), “Tabassum” (1944), “Baxt tongotari” (1948), “Muborakbod” (1949), «Bolalar dostoni» (1950), “Qanotlan, qo’shiqlarim” (1955), “Tanlangan asarlar” (1958), “Oromijon” (1961), “Gulyor” (1968), “Oftob nayzada” (1974) kabi she’r va dostonlar to’plamlari, “Nafosat” (1967), “Kamalak” (1972) adabiy portret va xotiralar kitobi, “Qizbuloq”, “Nodirabegim”, “Мото yer” pyesalari, “Zulmatdan ziyo”, “Malikayi аууог” opera librettolari, “Samarqand afsonasi” baleti librettolari, “Науо bilan“, “Sunbula”, «Ko’chalar», “Do’ppi tikdim”, “Sartarosh qo’shig’i” kabi she’rlari (bu she’rlarning barchasi qo’shiq qilingan), “Yetti zog’ora qissasi”

2-boshlovchi :

Ko‘m¬ko‘k gir aylana, ko‘m¬ko‘k novdalar,
Ko‘m¬ko‘k liboslari harir, qalami.
Olam bamisoli farahbaxsh dala,
Zavqdan bilolmaysan bog‘mi, dalami,
Misli qalami!

Pilla qurtlarimi novdalarda yurgan,
Sen uyg‘otgan kurtaklarmi yo…
Lov¬lov piliklarmi u yonib turgan,
Afsonaviy ertaklarmi yo…
Kurtaklarmi yo!

1-boshlovchi :

Ishq borki go‘zal olam, u ko‘zlar qarog‘inda,
U borki ko‘ngil so‘nmas hattoki firog‘inda.

U borki bahor hargiz bog‘laydi yarang guldan,
Mas’udi, maloling ham qosh ila qovog‘inda.

Dasht birlan o‘tib ketdi bir ohu misol navro‘z,
Lolai gulobingni ezg‘ilab oyog‘inda.

Qolmishdi yaqo yirtib barginda tiniq, shabnam,
Go‘yoki fig‘onidin yosh erdi yonog‘inda.

Shuning bilan Turob To’laning 100 yillik yubileyiga bag’ishlab o’tkazilgan adabiy kechamizni yakunlaymiz.

Dars ishlanmani to’liqligicha yuklab olish

(Visited 244 times, 1 visits today)
Понравилось? Пожалуйста поделитесь с друзьями.
Comment

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

Matn nusxasini olish taqiqlanadi! Shaxsiy ehtiyoj uchun kerak bo'lsa, telegram: @sadikovuz