Iqtidorli farzandi bor ota-ona uchun maslahatlar

Farzandingiz iqtidorli bo‘lsa (Ota-onalar uchun maslahat)

Agar farzandingiz barcha vazifalarni osonlik bilan bajarsa, unda mantiqiy tafakkur, kuzatuvchanlik, mustahkam xotira, barcha narsalarga qiziquvchanlik, o‘z fikrini tushuntira olish, matematik amallarni bajara olishi, dunyoqarashining kengligi-bularning barchasi unda bilish jarayonlarining yuqori darajada rivojlanganligi va kattalar tomonidan yetarli darajada e’tibor berish kerakligini talab etadi. Iqtidorli bola quyidagi xususiyatlarni ham o‘zida mujassam etadi:

ijodiy, original fikrga ega;

yumor, hazilni tushunadi;

biror narsani bilishga nisbatan cheksiz intilish va qiziquvchanlik;

boy tasavvurga ega (ijodiy, tasviriy, musiqiy faoliyatda namoyon bo‘ladi);

ko‘p hollarda o‘z tengdoshlaridan mustaqilligi bilan ajralib turadi, kattalar bilan muloqotga intiladi.

Ba’zida esa ota-onalarni farzandlarining o‘z tengdoshlariga o‘xshamasligi, boladagi o‘ta qiziquvchanlik, bilishga katta ishtiyoq xavotirga soladi. Bolaning xatti-harakatlari qat’iy va noan’anaviy bo‘lsa, masalan, “Nimaga?”, “Nima uchun?” kabi savollarni ko‘p bersa ba’zida ota-onalar bu savollarga javob berishga qiynalsalar, bolalarga tanbeh berishlari, va hattoki, uni jazolashlari mumkin. Bunday holatlarda ota-onalar boladagi ijodiy imkoniyatlarni rivojlantirish o‘rniga uni so‘ndiradilar.

Iqtidorli bolalarning ota-onalari bilan suhbatlashganda ular farzandlarining barcha sohalarda birinchi bo‘lishi kabi hohishlarini ta’kidlaydilar. Masalan, ona “mening farzandim qobiliyatli bo‘lsa-yu, nima uchun o‘qishni hohlamaydi?” degan savolni berishi mumkin.

Ba’zida shunday holatlar bo‘ladiki, ota-onalar bolani haddan tashqari biror bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga majbur qilishlari, bolada ana shu faoliyatga nisbatan nafratni uyg‘otishi mumkin, chunki ayni vaqtda bola boshqa mashg‘ulotlarga qiziqayotgan bo‘lishi mumkin. Biror muddat vaqt o‘tsa, bolaning o‘zi ixtiyoriy ravishda bu mashg‘ulotga qiziqib qoladi.

Psixologlar shuni ta’kidlaydilarki, agar uzoq vaqt iqtidorli bolaning intellektual yoki harakat ehtiyojlari qondirilmasa, bu bolaning his-tuyg‘ulariga putur yetkazishi va nevroz holatlariga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari iqtidorli bolalarning ota-onalari ba’zida qizim yoki o‘g‘lim o‘z tengdoshlarini o‘zib o‘tib, masalan 7 yoshida 3-sinfda o‘qishlariga intilish to‘g‘rimikan, degan savol bilan murojaat etadilar. Har bir holat o‘ziga yarasha noyobdir, lekin shu o‘rinda bolaning ijtimoiy hayotga moslashuvi haqida unutmaslik kerak. Axir u boshqa, o‘zidan katta bolalar tomonidan qanday qabul qilinishi ma’lum emas-ku. U yakkalanib qolmasmikan?

Bolangizning boshqalar bilan muloqotiga va muloqotning ijtimoiy ko‘nikmalarini korreksiya qiluvchi guruhiy o‘yinlar bilan band bo‘lishlariga ko‘proq ahamiyat bering. Bunday o‘yinlarni o‘tkazishda faqatgina bilish jarayonlarining rivojlanishiga ahamiyat bermasdan, balki boshqa bolalar bilan birgalikda harakat qilishlariga ham e’tibor berish kerak.

Iqtidor bilish, o‘quv, ijodiy, badiiy, harakatli faoliyat sohalarida namoyon bo‘ladi. Iqtidorli bolaning o‘quv faoliyatdagi yutuqlari uning erta yoshdan o‘qishga bo‘lgan intilishida namoyon bo‘ladi. Ba’zida bolalar 3-4 yoshida, kattalarning yordamisiz mustaqil ravishda o‘qiy boshlaydi.

Bola kitoblarni tomosha qilishi, rasmlar asosida hikoya tuzishi, harflarni yozishi, kattalar o‘qiyotganda uzoq vaqt sabr bilan tinglashi, o‘z yoshiga mos bo‘lmagan matematik amallarga qiziqishi, matematik belgi va ishoralarni tushunib eslab qolishi, ba’zida tabiatga, tabiiy fanlarga qiziqishini ham namoyon qilishi, turli predmetlarning kelib chiqishi va ularning vazifasi haqida savollar berishi mumkin.

Badiiy faoliyat sohasida bola o‘zini ertaroq namoyon etadi: erta rasm chizishni boshlaydi, ko‘p vaqtini, masalan plastilindan turli narsalarni yasashga ajratadi, bunda o‘zining mohirligini namoyish etish orqali, ranglar, kompozisiyalarni to‘g‘ri tanlay oladi. Shuningdek, musiqaga ham erta qiziqish paydo bo‘ladi, musiqiy tovushlarni ajrata oladi.

Harakatlantiruvchi sohadagi iqtidor bolada turli harakatlarni bajarish,. ya’ni yugurish,

sakrash turli akrobatik mashqlarni bajarish, muvozanatni saqlay olishda namoyon bo‘ladi.

Bola turli yoki bitta sohada iqtidorli bo‘lishiga qaramay, mana shu tabiat tomonidan berilgan qobiliyatni o‘z vaqtida aniqlab, uning rivojlanishiga yordam berishimiz kerak.

Agar farzandingiz iqtidorli bo‘lsa, u holda:

– uning qiziqishi, ijodkorligini, fikrlar originalligini qo‘llab-quvvatlang;

– bolani hech qachon biror bir narsani noto‘g‘ri bajarding deb koyimang;

– bolaning o‘z sevimli mashg‘ulot yoki o‘yin turini tanlashiga va o‘z fikrini bayon etishiga imkon bering;

– bola sizga emas Siz unga moslashishingiz kerakligini unutmang;

– tengdoshlari va kattalar bilan munosabatlardagi muammolarni bartaraf etishda yordam bering;

– o‘zi kabi har tomonlama rivojlangan do‘stlari bo‘lishiga ahamiyat bering;

– bolangizning har doim ham g‘olib bo‘lishiga ortiqcha intilmang, aks holda boshqa bolalar, tengdoshlari uni yomon ko‘rib qolishlari mumkin;

– uni haddan tashqari maqtamang, iqtidorli ekanligini o‘zining oldida gapirmang;

– boladan har doim va hamma sohada birinchi bo‘lishini, maktabda esa a’lochi bo‘lishi kerakligini talab qilmang (chunki maktabda a’lo baholarga o‘qish har doim ham iqtidorli bo‘lishga bog‘liq emasligi isbotlangan).

-bolaning yutuqlarini emas balki uni qanday bo‘lsa shundayligicha yaxshi ko‘rishingizni doimo farzandingiz his etsin;

-hech qachon bolaga boshqalardan yomonroqsan deb ayta ko‘rmang, uni boshqa bolalar bilan taqqoslamang;

-bolaning har bir savoliga imkon qadar rost va sabr bilan javob berish lozim;

-har kuni farzandingiz bilan yolg‘iz qolish uchun vaqt ajratishga harakat qiling;

-bolani faqatgina tengdoshlari bilangina emas balki kattalar bilan ham erkin va bemalol muloqot qila olishga o‘rgating;

-u bilan g‘ururlanishingizni ta’kidlashdan uyalmang;

-bolaga nisbatan o‘z hissiyotlaringizni baholashda rostgo‘y bo‘ling;

-bolaga har doim rost gapiring, agar bu siz uchun foydasiz bo‘lsa ham;

-bolani aybi uchun jazolamoqchi bo‘lsangiz (masalan, biror bir narsani sindirib qo‘ysa yoki kiyimini iflos qilib kelsa) unga ayni vaqtdagi aybi uchun tanbeh bering;

-kuch bilan bolaga ta’sir o‘tkazmang, majbur qilish bolaning ma’naviy tarbiyasiga, shaxsini rivojlanishi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

-bolangiz xato qilishga haqli ekanligini tan oling;

-bolaning yodida faqat baxtli onlar muhrlanib qolishiga harakat qiling;

-kattalar bolaga qanday munosabatda bo‘lishsa, bola ham o‘ziga xuddi shunday munosabatda bo‘ladi;

-hech bo‘lmaganda ba’zi-ba’zida bolaning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring, ana shundagina bolaga qanday munosabatda bo‘lishingizni anglab yetasiz.

Farzandlarimizning tarbiyasiga salbiy va ijobiy ta’sir etadigan quyidagi fikrlarga kundalik turmushimizda amal qilsak, kelajak avlodning mustaqil fikr egasi, ma’nan va aqlan barkamol bo‘lib yetishishiga, davlat va jamiyatimizning ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga erishamiz.

 

Umid IDUMI psiloxologi

Xulkar

(Visited 61 times, 1 visits today)
Понравилось? Пожалуйста поделитесь с друзьями.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

Matn nusxasini olish taqiqlanadi! Shaxsiy ehtiyoj uchun kerak bo'lsa, telegram: @sadikovuz