BOLASISAN O‘ZBEKISTONNI!

BOLASISAN O‘ZBEKISTONNI!
Qoshing qora, ko‘zlaring qora,
Yulduzisan qaysi osmonning?
Eslolmasang o‘zim eslatay,
Bolasisan O‘zbekistonning!
Qachon kelding bu yerga o‘zi?
Ne maqsadda daydib yuribsan?
Anchagina ulg‘ayibsan-ku,
Qorayibsan, ozib-to‘zibsan!
Jilg‘alarsiz daryo quriydi,
Daryoyingni qo‘yma quritib…
Yur, barini eslaymiz birga,
Aylantiray qo‘lingdan tutib.
Yodingdami beshiging, o‘g‘lim,
Undan hali hiding ketmagan.
Mahallangning yo‘liga qara,
Bosib o‘tgan izing ketmagan.
Ana, onang tandir yonida
Yopayapti sen uchun kulcha.
Etagidan ajramasding-ku,
Sog‘intirding sen uni buncha?
Akang bilan uchirgan varrak
Boq, osmondan tusholmayapti.
Opang seni sog‘inib, yig‘lab,
Tishlaganin yutolmayapti!
Oxirgi bor qachon eshitding
To‘ylardagi yor-yorni, o‘yla!
Bor, xayolan do‘stlaring bilan,
O‘rtaga tush, quloch yoz, o‘yna.
Hayit bayramini sog‘inib,
Oqizding-ku ko‘zing yoshini.
Senga asrab charchadi yangang,
Arafaning shirin oshini.
Qara, o‘sha tanish choyxona,
Choylashib gasht qilar keksalar.
Ko‘rding, otang kulolmayapti —
Yo‘lga qarar, seni axtarar.
Ammang, xolang, amaking, tog‘ang,
Tarqatyapti sumalaklarni.
Nahot sog‘inmading, jon bolam,
Navro‘zdagi kamalaklarni?!
Qara, buving qaddi bukilib,
Ushoqdayin bo‘lib qaribdi.
Bir ko‘rishga ulgurmikansan?
Xastalanib, yotib qolibdi.
Bolam, deysan tilingda ming bor,
Qo‘lingda dast ko‘tarolmaysan.
Kechirsa ham bir kun ayoling,
Sen o‘zingni kechirolmaysan.
Musofirning qabri bo‘lmaydi,
Musofirning qadri bo‘lmaydi.
Musofirni musofirlikdan
O‘tadigan dardi bo‘lmaydi.
Tish qayrama, yomon dema hech,
Seni katta qilgan Vatanni!
Kim deydilar eshigin buzib,
Beshigini tepgan odamni?
Yashnamaydi novda ildizsiz,
Tomiring suv ichgan yerga bor!
Otang qurgan yo‘llarni yashnat,
Uy oldiga yana bir uy sol.
Yaxshilik qil, yurtingni yashnat,
Qo‘ldan berma shunday imkonni.
Sen hech kimdan kam emassan, bil,
Bolasisan O‘zbekistonni!
©️Rislig‘oy Hotamova

(Visited 22 times, 1 visits today)
Понравилось? Пожалуйста поделитесь с друзьями.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

Matn nusxasini olish taqiqlanadi! @sadikovuz