Roman haqida:
“Choliqushi” romani 1922-yilda mashhur turk yozuvchisi Rashod Nuri Guntekin tomonidan yozilgan. Yozuvchining eng mashhur asari hisoblangan ushbu roman 1922-yilda “Vaqt” gazetasida bo‘lim-bo‘lim e’lon qilina boshlangan. Asar birinchi marta 1923-yilda kitob holida chop etilgan. Yozuvchining o‘zgartirishlaridan keyin 1937-yilda “Choliqushi” romani mukammal holga keltirilgan.
“Choliqushi” ishqiy mavzuda yozilgan asar bo‘lishi bilan birgalikda o‘sha davrning ijtimoiy muammolariga mohirona tanqidiy yondasha olgan roman sifatida ham muhimdir. “Choliqushi” Turkiyada yangi va modern davrning boshlanishini ifodalagan asar hisoblanadi. Romanning oxirgi bo‘limidan tashqari to‘rt qismi bosh qahramon Feridening xotira daftari sifatida uning tilidan hikoya qilinadi va ikki yarim yoshidan boshlab yigirma besh yoshiga yetguncha, muhabbati Kamronga erishguncha bo‘lgan voqelarni o‘z ichiga oladi. Beshinchi qismda esa Feride va Kamronning topishishi hikoya qilinadi.
Feride obrazi:
Feride romanning bosh qahramoni, bundan tashqari, asarning dastlabki to‘rt bobi ham uning tilidan hikoya qilinadi. Olti yoshida Mo‘sulda kasal onasidan ayrilib qolgan Feride Istanbulda buvisi bilan yashashni boshlaydi. To‘qqiz yoshida buvisi ham vafot yetadi. Otasi uni qolib o‘qishi mumkin bo‘lgan Dam do’Sion nomli fransuz qizlar maktabiga beradi. Ta’til kunlarida esa Feride xolalarining uyida qoladi. Feride maktabda ham qarindoshlarinikida ham bir yerda turmaydigan, juda shaddod, yaramas, ko‘zi tushgan daraxtga chiqvoladigan, xullas, har qanday bezorilikdan tab tortmaydigan qiz edi. Maktabda tanaffus paytlari Faridening shoxdan shoxga tirmashaverganini ko‘rgan o‘qituvchisi unga “Choliqushi” deb laqab qo‘yadi. O‘zi sezmagan holda xolavachchasi Kamronni sevadi va doimo uni Narimon ismli yosh, go‘zal beva bir ayoldan qizg‘onib yuradi.
Feride go‘zal, yosh va maftunkor qiz edi. Ammo bu go‘zallik borgan joylarida unga faqat muammo keltiradi. Erkaklar Feridening ismini bilmasalarda uni “Ipak qurti”, “Gul ba shakar” kabi nomlar bilan ataydi. Juda ko‘pchilik unga turmushga chiqish taklifi bilan yuzlanadi.
Romandagi asosi mavzu:
Romanning asosiy mavzusi muhabbatdir. Feride uzoq vaqt mobaynida sevgisini tan olmasdan, Kamrondan nafratlanishini aytsa-da, maktabda o‘qib yurgan paytlarida ham, Onado‘luda ish izlab sargardon kezgan paytlarida ham Kamronni qattiq sevishda davom etadi. Feridening uzoq vaqt muhabbatidan ayro qolishiga sabab sevish va sevdirishni yetarlicha bilmasligidir. Yanada aniqroq qilib aytsam, g‘ururi va sevgisi orasida muntazam kurashni to‘xtatolmagan Feride uzoq yil g‘ururining sevgisi ustidan qozongan g‘alabasidan azoblanib yashaydi. Onado‘luda kechgan yillari uni batamom o‘zgartiradi.
Xotira daftarining oxirgi sahifalarida Feride yillar davomida hatto o‘zidan ham yashirishga urinib kelgan sevgisini nihoyat tan oladi. “Ha, nega endi aldashim kerak? Butun nafratimdan, isyonlarimdan, butun o‘sha bo‘lib o‘tgan noxushliklardan qat’i nazar, men sening bir parchang edim”.
Asarda mehr-muruvvat mavzusiga ham keng o‘rin berilgan. Feride xolalarini juda yaxshi ko‘rgan. Xolalari ham Feride bezori va juda shaddod qiz bo‘lishiga qaramay, unga hamisha mehr bilan yondashgan. Feridening Zaynilar qishlog‘ida og‘ir sharoitda qolgan Munisani asrab olib, uni o‘z qiziday suyib ardoqlashi yoki harbiy doktor Xayrullohbey ilk ko‘rishishdayoq Feridega otalarcha mehr ko‘zi bilan boqib, chorasiz qolganda uni o‘z panohiga olishi asardagi mehr-muruvvat mavzusining kulminatsion nuqtalaridir. Yozuvchi Feride tilidan shunday yozadi: “Naqadar orsiz ko‘nglim bor mening, atrofimdagi insonlarni bunchalar tez yoqtirib qolaveraman”.
Xulosa:
Ham sevgi-muhabbat, hamda bir mojaro romani sifatida e’tirof etishimiz mumkin bo‘lgan “Choliqushi” romani o‘quvchiga yaqin so‘zlashuv tilida yozilgan va aynan shu sababga ko‘ra ham sevib o‘qiladi.
https://t.me/iRamond @iramond va @Uzjoku_Unversiteti