Davlat taʼlim muassasalari va xususiy taʼlim – esse

Esse
Mavzu: Davlat taʼlim muassasalari va xususiy taʼlim.

Zamonamiz taraqqiyotining asosiy poydevori taʼlim tizimi hisoblanib, keyingi yillarda respublikamizda OTMlar salmogʻi ortib borayotgani quvonarli hol. Ular ikki guruhga: davlat va xususiy OTMlarga boʻlinishi natijasida ushbu taʼlim muassasalarida oʻqishni istovchilarda ham tanlov imkoniyati kengaydi. Ayrimlar davlat universitetlarini afzal koʻrsa, boshqalari esa xususiy taʼlimni maʼqul koʻrishmoqda. Xoʻsh, bu ikki taʼlim maskanlarining qaysi birini tanlagan maʼqul?!
Barchamizga maʼlumki, xususiy taʼlim muassasalari soni kundan kunga ortib bormoqda. Talabalarimiz yaqin kunlargacha faqat davlat OTMlarda tahsil olayotgan boʻlsa, endilikda xususiy taʼlim muassasalarida oʻqishga qiziqayotganlar ham topiladi. Vaziyat shu yoʻsinda davom etsa ular bir-biriga raqobatchi boʻlishi tabiiy. Buning isbotini bu yil xususiy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan abiturientlarning soni oʻtgan yilgiga nisbatan birmuncha oshganligida koʻrinadi. Bunga asosiy sabablardan biri: kirish imtihonlarining nisbatan osonligi (ayrim xususiy OTMlarida esa imtihon ham olinmaydi, taʼlim uchun toʻlovning oʻzi kifoya)bilan izohlanadi. Davlat universitetlarida taʼlim olishni xohlovchilar anchagina mehnat qilishiga toʻgʻri keladi. Jumladan, bu yilgi kirish imtihonlari natijasini kuzatadigan boʻlsak,  nufuzli davlat universitetlarga qabul qilingan abituriyentlarning maksimal darajada ball toʻplaganiga guvoh boʻlamiz.
Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, davlat taʼlim muassasalari oʻz tarixiy anʼanalariga sodiqlik, salohiyatli professor oʻqituvchilarning darslarni olib borishi, zamonaviy oʻquv bino va jihozlari hamda qulay shart-sharoitga ega boʻlgani bilan qaysidir maʼnoda ishlayotgandek koʻrinsa-da, ulardan farqli oʻlaroq bu ishga yaxshigina sarmoyasini va vaqtini ayamayotgan xususiy sektor bugungi kun yoshlarini qiziqtiradigan taklif berayotgandek, nazarimizda. Xususiy OTMlaridagi talabalarga berilayotgan fikr va jism erkinligi,  tahsil bilan amaliyotning birgaligi tanlovda alohida ustunlik kasb etmoqda.
“Besh qoʻl barobar boʻlmas”, – deganlaridek, har ikki taʼlim muassasalarining ham kamchiliklari yoʻq emas. Xususan, davlat taʼlim tashkilotlarida talabalar qiziqishi hisobga olinmaydi, oʻz sohasi uchun keraksiz fanlar ham oʻtilaveradi. Natijada esa oʻz sohasini yaxshi bilmaydigan kadrlar yetishib chiqadi. Shuningdek, xususiy taʼlimda ham barchasi obod emas, ayrimlari hali oʻquv binosiga ega boʻlmagan, oʻqituvchilar yetishmasa ham faoliyatini boshlab, talabalarning qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirish bilan band.
Xulosa oʻrnida aytishimiz mumkinki, rivojlanish bor joyda xatolar ham kuzatilishi tabiiy. Ammo xatolar ustida ishlash va mavjud muammolarga yechim topib, toʻgʻri xulosa chiqarish maqsadga muvofiq.

©To‘laganov B

 

Manba

(Visited 46 times, 1 visits today)
Понравилось? Пожалуйста поделитесь с друзьями.
[:ru] Комментарий [:uz] Fikr bildirish [:en]Add comment [:tj] Comment [:]

Matn nusxasini olish taqiqlanadi! @sadikovnasim