Esse – fransuz tilida “essai” – «tajriba», ingliz tilida “essay”, “assay” – intilish, ijodiy sinov, ocherk; lotincha “exagium” – “o‘ylash” degan ma’noni bildiradi. Esse – o‘quvchining aniq mavzu yuzasidan shaxsiy fikr-mulohazalari asosida yoziladigan ixcham ijodiy ish hisoblanadi. Uning o‘zgachaligi mavzuda ko‘tarilayotgan muammoga fakt va dalillarni o‘rinli keltirish orqali o‘z munosabatini bildirish.
Esse erkin kompozitsiya asosiga quriladigan, tuzilish jihatdan ixcham nasriy asar bo‘lib, badiiy-publitsistik janrning bir turi. Esse muayyan bir reja asosida yozilmaydi.
Essening turlari bir necha xil bo‘lib, yozilish maqsadiga ko‘ra uning qay turga mansubligi aniqlanadi.
Essening maqsadi – o‘quvchini faol fikrlashga o‘rgatish, o‘z mulohazalarini dalillashga yo‘naltirish, til unsurlaridan o‘rinli foydalanish orqali fikrni to‘g‘ri yetkazib berish ko‘nikmalarini shakllantirish.