🔹1. Nizomiddin Mir Alisher 1441 yilning 9 fevralida Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida, temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan davlat xizmatchisi Gʻiyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan.
🔹2. Tarixchi Mirxond «Ravzatus-safo» asarida yozishicha, Mir Alisherning bobosi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh bo‘lgan.
🔹3. Navoiyning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshida maktabda ta’lim ola boshlagan.
🔹4. Navoiy 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yoddan bilgan.
🔹5. Mir Alisher 7 yoshida buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan.
🔹6. Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.
🔹7. Alisher Navoiy «muqarrabi hazrati sultoniy» («sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni olgan. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan.
🔹8. Alisher Navoiy o‘n besh-o‘n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan.
🔹9. Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she’rlarini yod bilgan.
🔹10. Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan she’rlariga Navoiy, forsiy tildagi she’rlariga Foniy deb taxallus qo‘yadi. Shoirning forsiy she’rlar to‘plami “Devoni Foniy” deb nomlangan.
🔹11. Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” ismi faqat xalq og‘zaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Bu nom Navoiyning hayoti haqida ma’lumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi.
🔹12. Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi. Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasidagi ustoz va shogirdlik munosabatlari yanada mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylanadi.
🔹13. Samarqand shahri Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher 1464 yilda Samarqandga keladi va bu yerda madrasada tahsil olib, ilm-fan, adabiyot va san’at bilan tanishadi.
🔹14. Navoiy 1469 yilda do‘sti Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan 90 baytdan iborat “Hiloliya” qasidasini yozadi (“hilol” – yangi chiqqan oy).
🔹15. Navoiy o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan.
🔹16. Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan.
🔹17. Navoiy turkiy tildagi ilk “Xamsa”ni 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tiliga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq.
🔹18. Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq «Xazoyinul-maoniy» nomli to‘rt devon (1491—1498)ga jamlangan.
🔹19. Alisher Navoiy 1501 yil 3 yanvarda vafot etgan. Uni dafn etish chog‘ida maydalab yomg‘ir yog‘ib turgan edi. Buni tarixchi Xondamir “hatto tabiat ham motam tutdi” deya ta’riflagan.
🔹20. Navoiyning turkiy tilni qayta tiriltirishi ma’naviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas», — deb yozsa, Husayn Boyqaro «Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi» deb ta’kidlagan.